Shavkat Mirziyoyev saylovda o‘ziga raqiblik qilgan nomzodlar haqida gapirdi
Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasining saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyevning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Davlat rahbari prezidentlik saylovida o‘ziga raqib bo‘lgan nomzodlar haqida gapirib o‘tdi.
— Saylovda menga bildirilgan ishonch – yuksak sharaf, muqaddas burch ekanini, ayni vaqtda bu ishonch zimmamga qanday ulkan mas’uliyat va javobgarlik yuklashini ham chuqur his etib turibman.
Nomzodimni ilgari surgan va saylov kampaniyasida qo‘llab-quvvatlagan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining a’zolari va faollariga, barcha tarafdorlarim hamda ishonchli vakillarimga tashakkur aytaman.
Shuningdek, saylovda faol ishtirok etgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod – Maqsuda Vorisovaga, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan – Alisher Qodirovga, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan – Narzullo Oblomurodovga va «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan – Bahrom Abduhalimovga alohida minnatdorlik bildiraman.
Ularning kelgusi ishlariga omadlar tilayman.
Biz saylov jarayonida o‘zaro raqobat qilgan bo‘lsak, endi barcha orzu-intilish va harakatlarimizni birlashtirib, siyosiy partiyalar bilan faol hamkorlik qilamiz. Ularning saylovoldi dasturlaridagi muhim amaliy g‘oya va takliflar, kelgusi faoliyatimizda e’tiborimizdan chetda qolmaydi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter