Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi
Shavkat Mirziyoyev Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markaziga tashrifi chog‘ida onalik va bolalikni himoya qilish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi ham o‘tkazildi.
Ma’lumot berilishicha, O‘zbekiston aholisining 20 millionini bolalar va tug‘ish yoshidagi ayollar tashkil etadi. Ularning salomatligini alohida e’tiborga olish maqsadida shu yildan barcha tuman va shaharlardagi ko‘p tarmoqli poliklinikalarda bolalar bo‘limi tashkil etilgan. Kunu tun ishlaydigan pediatr shoshilinch postlari va bolalar reanimatsiya bo‘limlari qayta tiklangan.
Tug‘uruq kompleksi va perinatal markazlar, ayollar maslahatxonalari tomonidan yiliga 850 ming nafar homiladorlarga malakali tibbiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Barcha markaziy poliklinikalarda «Onko-nazorat» xonalari tashkil etilib, 35 yoshdan oshgan ayollar har yili skrining tekshiruvidan o‘tkazilmoqda. Bu ayollarda saraton kasalliklarini erta aniqlash imkoniyatini 10 barobarga oshirdi.
Bu ishlar natijasida so‘nggi olti yilda onalar o‘limi intensiv ko‘rsatkichi 21 dan 15 ga, go‘daklar o‘limi 11 dan 8 ga kamaygan. Lekin bitta shunday holat ham jamiyatimiz uchun katta fojia.
Bugungi kunda respublikamiz bo‘yicha atigi 16 ta shifoxonada asoratli homiladorlikka ixtisoslashtirilgan yordam ko‘rsatilmoqda. Shu bois 46 ta tuman va shahardagi tug‘uruq majmualarida zarur sharoitlar yaratib, tumanlararo perinatal markaziga aylantirilishi qayd etildi.
Har bir poliklinikada tashkil etilgan 17 mingta tibbiy brigada uchun malakali doyalar tayyorlab, faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Bu yil Toshkent shahridagi 15 ta tug‘uruqxonada chaqaloqlarning eshitish qobiliyatini tekshirish boshlandi. Mutaxassislarni o‘qitib va maxsus uskunalar xarid qilib, kelgusi yildan barcha tug‘uruqxonalarda joriy qilish vazifasi qo‘yildi.
Bugungi kunda tug‘ish yoshidagi ayollar sog‘lig‘iga — Reproduktiv salomatlik markazi, homiladagi nuqsonlarni aniqlashga – Skrining markazi, farzand ko‘rish jarayoniga – Akusherlik va ginekologiya markazi mas’ul hisoblanadi.
Ularning hududiy filiallari bir-biri bilan bog‘liq holda ishlamagani sababli ayollar sarson bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbari mazkur 3 ta muassasani birlashtirib, yangi markaz tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Bu yangi markaz innovatsion texnologiyalar asosida reproduktiv salomatlikning tibbiy-biologik muammolarini hal etish, tug‘ma nogironlikning oldini olish bo‘yicha genetik tadqiqotlar olib borish, bexatar onalikni ta’minlash kabi juda muhim vazifalarga ixtisoslashadi.
Yig‘ilishda soha mutasaddilari, shifokorlar, hokimlar so‘zga chiqib, taklif va mulohazalarini bildirdi. Viloyat hokimlari onkologiya va gematologiya xizmatlarini rivojlantirish, onalik va bolalikni himoya qilish choralari bo‘yicha hudud xalqiga murojaat qilishi belgilandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter