Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev qiymati 60 million dollarlik loyihani tantanali ravishda ishga tushirdi

Shavkat Mirziyoyev qiymati 60 million dollarlik loyihani tantanali ravishda ishga tushirdi

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

Avval xabar berganimizdek, prezident Shavkat Mirziyoyev 29-avgust kuni Bekobod shahriga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yili 18-avgust kuni «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatiga kelib, uning ishlab chiqarish quvvati va moliyaviy-iqtisodiy holatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlarini belgilab bergan edi. Bugun ular bosqichma-bosqich amalga oshirilib, kutilgan natijalarni bermoqda.

2018-yil 29-avgust kuni kombinatdagi ko‘plab investitsiya loyihalaridan biri —ferroqotishmalar ishlab chiqarish sexini ishga tushirish marosimi bo‘ldi. Tadbirda korxona ishchilari, soha mutasaddilari, xorijlik investorlar ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev loyiha qiymati 60 million dollar bo‘lgan, zamonaviy, energiya tejovchi va ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan yangi ferroqotishmalar sexini tantanali ravishda ishga tushirdi. Bu haqda Prezidentning matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

Ushbu yangi sex Janubiy Koreyaning «Posco Daewoo» kompaniyasi ishtirokida qurilgan bo‘lib, jami 25 ming tonna ferrosilitsiy va ferrosilikomarganets qotishmalari ishlab chiqaradi. Bu metall mahsulotlar tayyorlaydigan tarmoqlar talabini to‘liq qondirish bilan birga, yiliga o‘rtacha 8 ming tonna ferroqotishmani eksport qilish va 12 million dollar miqdoridagi valyuta tushumini ta’minlash, importni qisqartirish imkoniyatini yaratadi.

Ushbu yangi sexga o‘quv yurtlarini bitirayotgan va zamonaviy texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirgan 330 nafar yigit-qiz ishga qabul qilinadi.

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev yangi sexning texnologik jarayonini ko‘zdan kechirdi. Janubiy koreyalik hamkorlar bilan suhbatlashdi. «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatining investitsiya dasturiga oid taqdimotlar bilan tanishdi.

Kombinat rahbariyati va mutasaddilarga yangi investitsiya loyihalarini bajarish hisobiga bunday korxonalarni ko‘paytirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratib, aholi bandligi darajasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring