Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Qahramoni holidan xabar oldi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filialida davolanayotgan O‘zbekiston Qahramoni, Oliy Majlis Senati a’zosi Hasan Normurodovni borib ko‘rdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Bu inson yurtimizdagi fidoyi nuroniylardan. Uzoq yillar xalq ta’limi tizimida ishlagan. Keyinchalik «Nuroniy» jamg‘armasining Samarqand viloyati bo‘limi raisi sifatida mehnat faxriylarini ijtimoiy himoya qilish ishlariga katta hissa qo‘shgan. Hozirgi kunda Samarqand viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari.
82 yashar Hasan Normurodov jonkuyar va samimiy inson sifatida viloyat aholisi o‘rtasida hurmat qozongan. 2019-yilda Prezidentimiz farmoniga ko‘ra «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan.
Shavkat Mirziyoyev fidoyi mehnat faxriysiga mustahkam sog‘lik va bardamlik, uzoq umr tiladi.
Hasan Normurodov vaqt topib kelgani, yuksak e’tibor ko‘rsatib, qo‘llab-quvvatlagani uchun davlatimiz rahbariga tashakkur bildirdi.
Shu bilan Prezidentning Samarqand viloyatiga tashrifi yakunlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter