Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyevni tabrikladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-iyul kuni Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari Elboshini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar Qozog‘iston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Nursulton Nazarboyevning zamonaviy Qozog‘istonni barpo etish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishdagi alohida o‘rni, O‘zbekiston-Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash hamda mintaqada barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashga qo‘shayotgan katta hissasi alohida qayd etildi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, turizm sohalaridagi ustuvor loyihalarni, madaniy-gumanitar sohadagi qo‘shma dasturlarni ilgari surish muhim ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, mintaqaviy kun tartibi, eng avvalo, Afg‘onistonda keskinlashayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashildi.
Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi, shu jumladan Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Faxriy raislik qilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi.
Ikki birodar mamlakat yetakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek samimiy, ishonchli va do‘stona ruhda o‘tdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter