Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev nomidan akkaunt ochgan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Shavkat Mirziyoyev nomidan akkaunt ochgan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Videodan kadrlar

Hozirgi kunda telekanallar orqali ko‘plab kiberjinoyatlar sodir etilayotganligi haqida ma’lumot berib borilyapti. Ulardan ko‘pchiligi kartalardagi pullarni noqonuniy ravishda aldov yo‘li bilan o‘g‘irlashgan bo‘lsa, maqolamizning qo‘shtirnoq ichidagi qahramoni Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomidan soxta profil ochib, fuqarolar bilan muloqotga kirishgan. Ayblanuvchi suhbat jarayonida o‘zini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti adminstratsiyasi rahbari deb tanishtirib, tarmoq foydalanuvchilariga turli masalalarda, ayniqsa, uy-joy va bank kreditlari ajratish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatishini va’da qilib, fuqarolardan 50 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha bo‘lgan pul mablag‘larini bank plastik kartasiga tushirgan holda o‘zlashtirib, firibgarlik yo‘li bilan talon-taroj qilgan. Tezkor qidiruv tadbirlari davomida firibgar qo‘lga olindi.

Bu haqda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining matbuot kotibi Bobur Tulyaganovning telegram kanalida ma’lum qilindi.

1982 yili Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, vaqtincha Chirchiq shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan iqtisodiyot sohasi jinoyatlari turkumiga kiruvchi firibgarlik jinoyatini sodir etgani holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudi tomonidan ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, 1982 yilda tug‘ilgan gumonlanuvchi firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «B» bandi bilan uzil-kesil uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish va uch yil muddatga butunjahon internet tarmog‘idan foydalanishni cheklash jazosi tayinlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring