Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Nazarboyev va To‘qayevni tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Nazarboyev va To‘qayevni tabrikladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 1-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Nursulton Nazarboyev va qardosh Qozog‘iston xalqini Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti kuni bilan samimiy qutladi.

Elboshining zamonaviy Qozog‘istonni barpo etish va izchil rivojlantirish, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishdagi tarixiy roli, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi alohida qayd etildi.

Ikki mamlakat yetakchilari O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik, o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlash prinsiplariga asoslangan ko‘p qirrali munosabatlarning bugungi darajasini yuqori baholadilar.

Shavkat Mirziyoyev shuningdek, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan ham muloqot o‘tkazdi. 

Davlatimiz rahbari Qozog‘istonning ko‘p millatli xalqini davlat bayrami – Birinchi Prezident kuni bilan samimiy qutlab, tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Amaliy hamkorlikka oid qo‘shma loyiha va dasturlarni, avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Prezidentlar xalqaro kun tartibini, jumladan, shu oyda O‘zbekiston Respublikasi raisligida bo‘lib o‘tadigan MDH sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini ham muhokama qildilar. Hamdo‘stlik va boshqa mintaqaviy hamda global tuzilmalar doirasidagi yaqin muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring