Shavkat Mirziyoyev islohotlar ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha qaror imzoladi
Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o‘zgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e’lon qilindi.
Jamoatchilik fikrini tahlil etish, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining yanada ochiqligini ta’minlash asosida boshqaruv qarorlari qabul qilinishini sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarish maqsadida, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining quyidagi tartibni o‘rnatish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi. Unga muvofiq ishlab chiquvchi-tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joylashtiriladigan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini jamoatchilik tomonidan muhokama qilish natijalari Adliya vazirligiga (huquqiy ekspertiza uchun) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga (ko‘rib chiqish uchun) kiritiladi, bunda, qoida tariqasida, kelib tushgan takliflarni ko‘rib chiqish natijalari ko‘rsatilishi majburiydir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi Qonunini qayta ko‘rib chiqish tavsiya etildi, bunda, shu jumladan, quyidagilar nazarda tutiladi:
- xalqaro amaliyotda keng tarqalgan jamoatchilik nazoratining ta’sirchan shakllarini joriy etish;
- jamoatchilik nazorati shakllarini amalga oshirish mexanizmlarini batafsil reglamentatsiya qilish, ularni amaliyotda samarali qo‘llash;
- davlat organlari va tashkilotlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyati, tegishli sohalardagi ishlarning holatini yaxshilashda ularning roli va samarali ishtiroki masalalari.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi (R.S.Qosimov) ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish va moliyalashtirishni ko‘zda tutuvchi qarori loyihasini kiritadi, unda, jumladan, quyidagilar nazarda tutiladi:
- institut tomonidan har yili O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining holati va uni rivojlantirish tendensiyalari to‘g‘risidagi ma’ruzani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashining ko‘rib chiqishi uchun kiritish va shundan keyin O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berish;
- institut tomonidan fuqarolik jamiyati rivojlanishini, jamiyat institutlarining davlat organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik darajasini, shuningdek, ularning mamlakatni sotsial-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy jihatdan rivojlantirishga, shu jumladan, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirish doirasida qo‘shgan hissasini baholash indikatorlarini ishlab chiqish va tasdiqlash.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter