Shavkat Mirziyoyev G‘arbiy Afrikadan Sharqiy Osiyogacha savdo-iqtisodiy makon shakllantirishni taklif etdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida o‘tayotgan Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig‘ilishida bir qator takliflarni bildirdi.
Xususan, davlat rahbari G‘arbiy Afrikadan Sharqiy Osiyogacha savdo-iqtisodiy makonni shakllantirish konsepsiyasi ishlab chiqish lozimligini ta’kidladi.
«Bugungi kunda dunyo mamlakatlari iqlim o‘zgarishi, yirik migratsion jarayonlar, tabiiy, energetika va oziq-ovqat resurslarining yetishmovchiligi kabi jiddiy sinovlarga duch kelmoqda.
Bu xavf-xatarlarni samarali yengish uchun Bankning a’zo mamlakatlari innovatsiya va texnologiyalarni rivojlantirish va joriy qilish masalalarida keng qamrovli hamkorlik o‘rnatishi lozim.
Biz Islom Taraqqiyot Bankining ushbu jarayonlarga to‘laqonli yetakchilik qilish salohiyatiga ishonamiz.
Shundan kelib chiqib, Bankimiz faoliyatini quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha takomillashtirish zarur, deb hisoblaymiz.
Birinchidan, «G‘arbiy Afrikadan Sharqiy Osiyogacha – Yashil Koridor» nomli savdo-iqtisodiy makonni shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etamiz.
Ayniqsa, bu pandemiya davrida g‘oyat katta ahamiyatga ega.
Konsepsiyaning ro‘yobga chiqarilishi o‘zaro savdo va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirishga, mamlakatlarimizning barqaror o‘sishiga va iqtisodiy jihatdan birlashishiga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi hamda Investitsiyalar va eksport kreditlarini sug‘urtalash islom korporatsiyasi tomonidan moliyaviy instrumentlarni kengaytirish lozim.
Bu sa’y-harakatimiz erkin savdoni rag‘batlantirish, investitsiyaviy xatarlarni sug‘urtalash, transport va logistika infratuzilmalarini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shadi.
Uchinchidan, «post-kovid» davrida a’zo mamlakatlar iqtisodiyotlari rivojlanishiga innovatsion tus berish juda muhim masaladir.
Jumladan:
- Islom Taraqqiyot Bankining fan, texnologiya va innovatsiyalar jamg‘armasining salohiyati va imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish;
- qishloq xo‘jaligiga ilg‘or ishlanmalarni joriy qilish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash;
- qayta tiklanadigan energiya va ekologik texnologiyalarning qo‘llanishini kengaytirish asosida «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish ayniqsa dolzarbdir.
To‘rtinchidan, mintaqaviy ahamiyatga ega investitsion va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirish darkor.
Biz bu bilan mamlakatlarimizning o‘zaro bog‘liqligini yanada mustahkamlashga erishamiz.
Beshinchidan, yangi yo‘nalishlarni moliyalashtirish maqsadida, a’zo mamlakatlar tomonidan Islom Taraqqiyot Banki kapitalini oshirish bo‘yicha avval qabul qilingan qaror ijrosini tezkor ravishda ta’minlashimiz zarur», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter