Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident YXHT Saylovlarni kuzatish missiyasi rahbarini qabul qildi

Prezident YXHT Saylovlarni kuzatish missiyasi rahbarini qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 dekabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (YXHT DIIHB) Saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyasi rahbari Kayetana de Zulueta Outramni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston bilan YXHT va uning tuzilmalari o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Bugungi kunda tashkilot Bosh kotibi Tomas Gremingerning mamlakatimizga tashrifi yakunida qabul qilingan YeXHT bilan sheriklikni kengaytirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston tashkilotning Parlament Assambleyasidagi ishtirokini tikladi. YXHT yurtimizdagi parlament saylovlariga 1999 yildan buyon ilk bor to‘laqonli missiyani jo‘natdi.

Bugungi uchrashuvda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari xususida batafsil fikr almashildi, milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish, saylov va boshqa sohalarda qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

YXHT DIIHB Saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyasi rahbari O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga samimiy qabul hamda mamlakatimiz YXHT bilan har tomonlama hamkorlik qilishga tayyorligi uchun minnatdorlik bildirdi.

Kayetana de Zulueta O‘zbekistondagi saylovlar mutlaqo yangi siyosiy muhitda, salmoqli darajada takomillashtirilgan huquqiy normalar asosida o‘tayotgani, shu sababli DIIHB saylov jarayonlarini katta qiziqish bilan kuzatayotganini ta’kidladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring