Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev YTTB prezidenti bilan muzokara o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev YTTB prezidenti bilan muzokara o‘tkazdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 iyun kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti bilan videoaloqa orqali muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasining Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan munosabatlarida keyingi yillarda yuksak darajaga erishilgani va samarali o‘zaro hamkorlik amalga oshirilayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

«Yo‘l xaritasi» va YTTBning O‘zbekiston bo‘yicha strategiyasi birgalikda amalga oshirilishi tufayli bugun ushbu bank mamlakatimizda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan ustuvor dastur va loyihalarni ilgari surishda muhim sheriklardan biriga aylandi.

Bugungi kunda loyihalar portfeli qariyb 1,2 milliard dollarni tashkil etib, barcha ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan. Ajratilayotgan mablag‘larning uchdan bir qismi xususiy sektor va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga, shu jumladan respublikada koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlarini kamaytirishga yo‘naltirilmoqda. Bundan tashqari, tomonlar umumiy qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan yangi loyiha takliflarini ko‘rib chiqmoqdalar.

Bank ekspertlari O‘zbekistonda davlat-xususiy sherikligi, kapital bozorini rivojlantirish, bank tizimini isloh qilish va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari bo‘yicha qonun hujjatlari va strategik tashabbuslarni ishlab chiqishda ham faol ishtirok etdilar.

YTTB Toshkentdagi vakolatxonasini kengaytirdi, Andijon shahrida ofisini ochdi. Kelgusi yilda Urganch shahridagi ofis o‘z ishini boshlashi kutilmoqda.

Prezidentimiz hamkorlikning amaliy natijalari haqida so‘z yuritar ekan, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va samarali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan katta hissasi va bu borasidagi faol sa’y-harakatlari uchun Suma Chakrabartiga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Yetakchi xalqaro moliyaviy institut rahbari bunday shakldagi uchrashuvning tashkil etilgani uchun chuqur minnatdorlik bildirib, bank O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangi islohotlar yo‘lini va Markaziy Osiyodagi mintaqaviy siyosatni har tomonlama, shu jumladan, loyihalar portfeli va moliyaviy-texnik ko‘mak hajmini kengaytirish orqali qo‘llab-quvvatlashda qat’iy ekanini ta’kidladi.

Suma Chakrabarti Sirdaryo viloyatidagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish va mamlakatimizda pandemiya keng yoyilishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan kompleks chora-tadbirlarni yuksak baholadi.

Videomuloqot chog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi. YTTBning davlat korxonalarini transformatsiya qilish va banklarni xususiylashtirishdagi ishtirokiga, energetika va neft-gaz tarmoqlarini isloh qilish, ajratilgan kreditlarni samarali o‘zlashtirish, biznesni, shu jumladan to‘qimachilik tarmog‘idagi loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirishga, jumladan, Toshkent shahrida bo‘lajak Xorijiy investorlar kengashining uchrashuvi va 2023 yilda Samarqand shahrida YeTTB Boshqaruvchilar kengashi majlisini o‘tkazishga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish borasida kelishib olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring