Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan 18-noyabr kuni yig‘ilish o‘tkazdi.
Andijon viloyatining iqtisodiy salohiyati yuqori. Davlat rahbarining shu yil fevraldagi amaliy tashrifi hamda unda belgilangan vazifalar hudud rivojiga qo‘shimcha turtki berdi. Sanoat, tadbirkorlik, savdo, xizmat ko‘rsatish, turizm va qishloq xo‘jaligi sohalarida yaxshi natijalarga erishildi.
Shu bilan birga, hali imkoniyatlar ko‘p. Tumanlarda olib borilgan o‘rganishlar davomida qator takliflar aniqlangan.
Masalan, Oltinko‘l va Jalaquduqdagi 600 gektarda xitoylik investorlar tomchilab sug‘orish orqali qalampir yetishtirib, qayta ishlash loyihasini boshlagan. Bu orqali gektaridan 15 ming dollarlik mahsulot eksport qilish hisob-kitob qilingan.
Paxtaobod tumanida Birlashgan Arab Amirligi kompaniyasi bilan hamkorlikda 470 gektarda gilos va rezavor mevalar yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Tadbirkor investitsiya majburiyatini o‘z vaqtida bajarayotgani uchun davlatdan infratuzilma qilib berishni so‘ragan.
Viloyatdagi 4 ta parrandachilik korxonasi faoliyatini tiklab, ehtiyojmand oilalardagi 650 nafar odamni ishga olish imkoniyati aniqlangan.
Asakadagi «ADM elektriks» korxonasi avtomobillar uchun 28 turdagi sim o‘tkazgich va multimedia tizimlarini ishlab chiqaradi. «Oniks», «Treker», «Kia sonet» kabi modellarda mahalliylashtirish kengaytirilsa, korxonaning quvvati va daromadi oshadi.
Yig‘ilishda Andijon viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha qaror loyihasini taqdimot qildi. Unda 2025-yilda Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilgan. Jumladan, 3 milliard 100 million AQSh dollari miqdorida investitsiya o‘zlashtirish, 334 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish, 305 ming nafar aholi bandligini ta’minlash hamda 1 milliard AQSh dollari miqdorida eksport qilish vazifasi belgilangan.
Shuningdek, viloyatda aholi zichligi inobatga olinib, yer masalasida imkoniyatlar yaratiladi. Qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan maydonlar, jumladan, qir-adirlardan jami 1 ming 800 gektar yerning toifasi o‘zgartiriladi. U yerlarda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish majmualari, uy-joylar barpo etiladi.
Davlatimiz rahbari takliflarni ma’qullab, yangi imkoniyatlardan samarali foydalanish, loyihalarni zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlash, aholining bandligini va daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter