Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-avgust kuni Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida Belarus rahbari mamlakatimiz yetakchisi va ko‘p millatli xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan muborakbod etdi, O‘zbekistonga tinchlik-osoyishtalik, barqaror taraqqiyot va ravnaq tiladi.
O‘zbekiston Prezidenti, o‘z navbatida, Belarus Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va amaliy sheriklik loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar oliy darajadagi kelishuvlarning amalga oshirilishi tufayli O‘zbekiston-Belarus munosabatlarida yuksak darajaga erishilganini ta’kidladilar.
O‘tgan yilda tovar ayirboshlash 44 foizga, joriy yilning yetti oyida esa yana 12 foizga oshdi. O‘tgan hafta Minsk shahrida qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Iqtisodiyotning turli tarmoqlariga doir ishlab chiqilayotgan yirik kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish muhimligi qayd etildi. Davlat rahbarlari faol madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini davom ettirish lozimligini ta’kidladilar.
Mintaqaviy kun tartibi, shu jumladan joriy yil sentyabr oyida Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitini o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter