Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Ahmad Farg‘oniy haykali poyiga gul qo‘ydi

Shavkat Mirziyoyev Ahmad Farg‘oniy haykali poyiga gul qo‘ydi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr Arab Respublikasiga rasmiy tashrifini Ahmad Farg‘oniy merosi ziyoratidan boshladi.

Ma’lumki, bu buyuk vatandoshimiz o‘z davrining yetuk astronomi, matematigi va geografi bo‘lgan, Bag‘dod va Damashqda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazgan, 856-yildan esa Qohirada yashab, umrining so‘ngiga qadar Misrda ilm-fan bilan shug‘ullangan.

Olim ko‘plab muhim kashfiyotlar qilgan. Jumladan, 861-yilda Nil daryosidagi Ravza orolida suv sathini o‘lchaydigan inshoot barpo ettirgan. «Miqyos an-Nil» nomi bilan mashhur bu qurilma qishloq xo‘jaligi va iqlimni baholashda juda muhim bo‘lgan. Qariyb 1200 yil davomida inshootdan o‘tgan asrgacha uzluksiz foydalanilgan. Bugungi kunda esa u turistik maskanga aylantirilgan.

2007-yilda Miqyosi Nil yaqinidagi xiyobonda Ahmad Farg‘oniyning haykali o‘rnatilgan. Prezidentimiz uning poyiga gulchambar qo‘yib, mutafakkir bobomizning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

So‘ng davlatimiz rahbari Miqyosi Nil inshootini ko‘zdan kechirdi, uning tarixi, Ahmad Farg‘oniy ilm-fanga qo‘shgan hissasi haqida olimlar bilan suhbatlashdi. Ulug‘ allomaning hozirgacha saqlanib kelayotgan merosi, umuman, o‘zbeklarning Misr tarixidagi o‘rni xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlikdan dalolat berishi ta’kidlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring