Shaharning beton devorlari orasida zerikkanlar o‘qisin! (fotomaqola)
Bugun shaharda, ayniqsa poytaxtda yashovchilarga osonmas. Qurilishlar avj olgan, havo kundan kunga og‘irlashmoqda, issiqdan qochib qutilish uchun yashil va bahavo hududlar tobora kamayib bormoqda.
Afsuski, yashil hududlarning qisqarish jarayoni qishloq hududlarida ham davom etyapti. Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani hududidagi Katta To‘pchoq, Iskana kabi qishloqlar toqqa yaqin, ob-havosi mo‘tadil hududlar sanaladi.
Bu hududlar naqadar go‘zal bo‘lmasin, insonning ayovsiz qo‘li ta’siri tobora sezilib bormoqda. Vaqtida tabiatni istagancha tasarruf etish to‘xtatilmasa, og‘ir oqibatlar kelib chiqishi mumkin.
Kitob tumanida joylashgan Katta To‘pchoq qishlog‘ida taxminan 4-5 ming kishi yashaydi. Asosiy faoliyat turi uzumchilik. Aholi tomorqalariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekiladi. Uzumning toyipi navi ommabop. Oz miqdorda kishmish, sultoni, husayni kabi uzumlar ham yetishtiriladi.
Shaharlashish ortidan bu hududlarda ham avtomobillar soni keskin ortdi, asfalt, beton yo‘llar ko‘paydi. Qurilishlar ortidan daraxt kesish ishlari ko‘paydi. Urbanizatsiya jarayoni ortidan qishloqlar 5-10 yilgi avvalgi holatidan ancha o‘zgardi.
Qishloqda ichimlik suvi ta’minoti juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Har yuz metrda bitta vodoprovod krani joylashgan. Afsuslar bo‘lsinki, ichimlik suvini asrash bo‘yicha na yoshlar va na kattalar jiddiy bosh qotirmoqda. Qishloqni bir kezishda oltitacha sharqirab oqib yotgan jo‘mraklarni uchratdim, ayrimlarini o‘chirdim, ba’zilari buzuq, suv bearmon oqib yotibdi.
Kelajakda asosiy muammo bo‘lishi kutilayotgan suv masalasidan qishloqliklar guyo bexabardek...
Lekin baribir qishloq hayoti o‘zgacha. Shaharda oylab yashagan kishi bu yerning hovurini, havosini birdan his etadi. Siz ham beton devorlar ichida zerikkan bo‘lsangiz, darhol safarga otlaning. Zero yurgan daryo, o‘tirgan bo‘yra, degan maqol bor.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter