Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqand shahar hokimi qurilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Samarqand shahar hokimi qurilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Foto: «zarnews.uz»

Samarqand shahar hokimligida shahar hokimi o‘rinbosarlari, sektor hamda korxona-tashkilot va idora rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «zarnews.uz» xabar berdi.

Yig‘ilishni Samarqand shahar hokimi Furqat Rahimov olib bordi.

Yig‘ilish avvalida shahardagi obodonlashtirish masalalariga e’tibor qaratildi. Xorijlik sayyohlar va shahar mehmonlari uchun Samarqandni gullarga burkash, toza-ozoda saqlash obodonlashtirish bilan shug‘ullanuvchi xodimlarning muhim vazifasidir. Shaharda ozodalikka e’tibor yanada kuchaytirilishi, jumladan maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish, ularni 3 turga ajratish uchun qisqa muddatda shaharda 500 dan ziyod yangi konteynerlar o‘rnatish lozim.

Shuningdek, F.Rahimov «Obod mahalla» dasturi asosida shaharning Cho‘ponota va Shirin mahallalarida amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirish, u yerdagi mavjud eski imoratlarni buzib, zamonaviy inshootlar barpo etish, aholini qiynayotgan muammolarga barham berish, yo‘llarni ta’mirlash, gul ko‘chatlari o‘tqazish kabi ishlarga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Mutasaddilardan shaharda olib borilayotgan keng ko‘lamdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari, jumladan, Aeroport yo‘li va Bo‘stonsaroy ko‘chalarida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari ijrosini so‘radi.

Shaharning tarixiy qismiga yondosh hududlarda to‘xtatib qo‘yilgan noqonuniy qurilish ishlari haqida ham so‘z bordi. Shahar hokimi mutasaddilarga shaharda amalga oshirilayotgan qurilish ishlarida mavjud me’yor va qoidalarga qat’iy amal qilish, tanish-bilishchilik yoki boshqa vositalar evaziga qoidabuzarlikka ko‘z yumishga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini alohida ta’kidladi.

Mavzu doirasida: Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahar hokimi F.Rahimov va shahar hokimining o‘rinbosari ishdan ketgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Keyinchalik bu xabar o‘z tasdig‘ini topmadi.

Shuningdek, bugun Samarqandda navbatdan tashqari sessiya o‘tkazilishi va viloyatga yangi hokim tayinlanishi kutilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring