Sergelidagi 47-maktab: kichiklar kattalarga dars berishdi...
Yashash joyimiz o‘zgargani sabab farzandlarimizni boshqa maktabga o‘tkazish zarurati tug‘ildi. Yaqinrog‘i Sergeli tumanidagi 47-maktab ekan. Maktabga borib, yurak tovonga tushayozdi, rosti. Hammayoq chang-to‘zon, ta’mir ishlari sabab binoning to‘rt devori qolgan, xolos. Bu yoqda yangi o‘quv yili eshik qoqib turibdi. Ulgurisharmikan? Qiyin-ov... Direktorni yo‘qlagandim, sal narida ishchilar bilan nimalarnidir tortishayotgan ayolni ko‘rsatishdi. To‘g‘risi, maktab hovlisi ostonasidayoq bu ayolni ko‘rib, prorab shekilli, degan xayolga borgandim... Direktor bilan suhbat muxtasar kechdi: bolalarni olib kelavering, muammo yo‘q. Muammo-ku yo‘qdir, biroq sentyabrgacha ta’mir ishlari yakunlanadimi?
— Bo‘lmasam-chi? — dedi Ra’no Abdurashidovna horg‘in jilmayib. — Erta tongdan kech soat 22gacha shu yerdaman, qattiq ishlayapmiz...
Direktorning gaplari odamda ishonchdan ko‘ra ko‘proq umid uyg‘otardi. Qilinadigan ishlar ko‘p, ta’mir bilan bog‘liq g‘urbatlar yetarli bo‘lgan joyda muddat masalasida nemischa hisob-kitob o‘zini oqlashi qiyin...
...Yo‘q, xavotirlar o‘zini oqlamadi: yangi o‘quv yiliga sanoqli kunlar qolganda ta’mir ishlari yakunlandi!.. Maktab o‘quv yiliga tayyor!
Bu gap aytishgangina oson, yozishgagina oson ekanini his qilayotgan bo‘lsangiz kerak.
Yangi o‘quv yilida o‘quvchilar soni bir necha yuz nafarga ko‘payganini ayting! Shuning o‘ziyoq mazkur ta’lim dargohidagi o‘zgarishlarni aytib turmaptimi?
...Bu o‘tgan 2017-2018-o‘quv yili arafasidagi gap. Katta ish qilindi-da o‘ziyam! Yana qator xayrli ishlarga qo‘l urilgan. Shulardan bittasiki, bu yildan maktabning o‘zida bir necha fan va xorij tillarini o‘rgatuvchi kurslar tashkil etildi. Buning ota-onalarga ma’qul joyi shundaki, bolalar turli repetitor yoki «Til kurslari»ga qatnab ovora bo‘lmaydi. Hammasi shu joyning o‘zida bor.
Kuni kecha maktabda har juma o‘tkaziladigan an’anaviy «Ma’naviyat kuni»ga taklif etildik. Mehmonlar ko‘p ekan: ota-onalar, mahalla faollaridan tashqari mahalliy kengash deputatlaridan tortib, tuman va shahar ta’lim mutasaddilarigacha bor... Avvaliga boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining «Ochiq darslari»da bo‘ldik: avvalo, dars o‘tish shakli o‘zgachaligi e’tiborni tortdi. O‘qituvchi ma’lum mavzuda ozgina yo‘nalish beradi, qolganini o‘quvchilarning o‘zlari davom ettirib ketadi. Ya’ni, darsda o‘qituvchidan ko‘ra o‘quvchilar ko‘proq gapiradi. Qaqajon bolalarning biyron-biyron gaplaridan boshqacha zavq tuyasan-da, kishi. Quyi sinf o‘quvchilarining ko‘rgazmali chiqishlariga maktabning yuqori sinf o‘quvchilari ataylab olib kirildi. Bunday chiqishlar asosan o‘zaro hurmat, muomala-munosabat mavzularida bo‘ldiki, bu bilan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘zlaridan kattalarga «master-klass» o‘tayotganday... Boplashdi bijildoqlar! Aka-opalari ham bo‘sh kelishgani yo‘q: davlatimiz ramzlari haqida ajoyib chiqishlar qilishdi. E’tiborli shundaki, bu chiqishlar sun’iylikdan ancha yiroq, yodlangan matnlarni sharrillatib o‘qib berishdangina iborat bo‘lmay, aytilayotgan gaplar kerakli vositalar uyg‘unligida tushuntirilganida. Yaqin tarixni o‘quvchilar tilidan eshitmoq kattalar uchun ham dars bo‘lar ekan — ota-onalardan biri sekin shipshitib nima dedi deng: «Bayrog‘imizda shu-uncha timsollar borligini e-endi bildim!»
Katta-kichik sinf o‘quvchilarining bir-biriga uzviy bog‘lanib ketgan tadbirlar jarayonida shu dargohda tahsil olgan tadbirkorning bolalar bilan o‘tkazgan muloqoti xususida aytmasak bo‘lmas. Tadbirkor o‘z tajribasi misolida ishbilarmonlikning o‘ziga xos qirralari haqida «bolalar tilida» ko‘p ba’mani gaplar aytdi. Tejamkorlikka alohida urg‘u berildiki, bunday uchrashuvlar yosh avlod ko‘ngliga biznesmenlikka ishtiyoq uyg‘otganiga shubha yo‘q. O‘quvchi uchun biror mavzuni har kuni ko‘radigan o‘qituvchidan eshitish boshqa, o‘sha soha vakili bilan jonli muloqotda tinglash boshqacha-da baribir...
Tadbir yakunlanib, xayrlashish arafasida o‘qituvchilardan so‘radik (taomil shu-da!): «Bizga qanday xizmat bor?». Javob: «Tez-tez maktabga kelib turinglar, xizmat shu!». Bu shunchaki manzirat uchun aytilgan gap emas. Maktabga faqat «ota-onalar majlisi»dagina borishdan kutilgan samara bo‘lmaydi. Ota-onalarning tez-tez farzandi tahsil olayotgan ta’lim dargohlariga borib turishidan avvalo bolaning o‘ziga ta’siri katta. Buni bilamiz-u... Qisqasi, maktabga borib turish kerak, jilla qursa, bolaligingizga qaytib, bir zum o‘zingizni farzandingiz o‘rnida his etasiz. Shu hisning o‘zi bolangiz bo‘lgan e’tiborni yanayam o‘zgartiradi. Bundan esa hammaga foyda...
T.Adhamjonov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter