Sentyabr oyida 13 ta bank faoliyatidagi qoidabuzarliklar sabab ogohlantirish oldi – MB
Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan Markaziy bankning nazoratga doir vazifalari ijrosini ta’minlash maqsadida 2023-yilning sentyabr oyidagi yig‘ilishlarida ellikdan ziyod masala muhokama qilindi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati ma’lum qildi.
Xususan, hisobot oyida Qo‘mita 9 ta yig‘ilish o‘tkazib, ularda jami 54 ta masalani muhokama etib, tegishli qarorlar qabul qilgan.
Ruxsat berish tartiboti yo‘nalishida 27 ta, shuningdek, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatini o‘rganish natijalari bo‘yicha ham 27 ta masala muhokama qilindi.
Natijada 1 ta tijorat banki va 1 ta to‘lov tashkilotining ayrim operatsiyalarini amalga oshirishiga cheklov o‘rnatildi hamda 13 ta tijorat banki faoliyatida qoidabuzarliklar aniqlanganligi sababli chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Shuningdek, 6 ta tijorat bankiga nisbatan jarima chorasi qo‘llanildi hamda ustav kapitali qonunchilik talablariga muvofiq shakllantirilmaganligi munosabati bilan 1 ta tijorat bankining aktiv va passiv operatsiyalarini to‘xtatish hamda 4 ta to‘lov tashkilotidan faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalarini chaqirib olish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.
Bundan tashqari, tijorat banklari boshqaruvlari zimmasiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi zaxiralarni yaratish, shuningdek, Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf qilish va moliyaviy holatni sog‘lomlashtirish bilan bog‘liq talablarga rioya etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi va vazifalar yuklatildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter