Senegal FIFAga shikoyat yo‘lladi. Unda Fransiya U-17 jamoasini JCh-2023dan diskvalifikatsiya qilish so‘ralgan
Indoneziyada o‘tkazilayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati nimchorakfinalida Senegal U-17 terma jamoasi fransuzlar bilan o‘yinning asosiy vaqtida 0:0 hisobini qayd etib, penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchradi. Senegal mundialdagi ishtirokini to‘xtatib, turnir bilan xayrlashgan bo‘lsa-da, mamlakat futbol federatsiyasi Fransiyaning ham chorakfinalda o‘ynashiga qarshi chiqmoqda va buni FIFA reglamentining qo‘pol tarzda buzilishi deya hisoblamoqda.
Avvalroq Fransiya o‘smirlar jamoasi hujumchisi Yannis Issufu JCh-2023 Afrika saralash bahsi doirasida Niger o‘smirlar jamoasi safida maydonga tushgani ma’lum bo‘lgandi. FIFA qoidalariga ko‘ra esa, futbolchining bir turnirda ikki jamoa safida o‘ynashi qat’iyan man etilgan. Shundan kelib chiqilsa, FIFA reglamentiga binoan Fransiya o‘smirlar jamoasi turnirdan diskvalifikatsiya qilinishi lozim.
«Ushbu futbolchi FIFA bayrog‘i ostida o‘tadigan bir xil yosh toifasidagi ikki rasmiy turnirda ikki xil jamoa safida maydonga tushgan. Ammo FIFA nizomi va futbolchilarning transfer qoidalarida «futbolchi avvalgi assotsiatsiyasi bilan ishtirok etgan turnirlarda yangi assotsiatsiyasi bayrog‘i ostida ishtirok eta olmaydi», deya aniq va ravshan qilib ko‘rsatilgan. Bu qoidaga zid. Qolaversa, U17 Jahon chempionati reglamentida barcha futbolchilar FIFA nizomiga muvofiq turnirda ishtirok etishi shartligi belgilangan.
Shunday ekan, yuqoridagilarni inobatga olgan holda bu turnirda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lmagan o‘yinchini o‘z safiga qo‘shib olgani va turnirda ro‘yxatdan o‘tkazgani uchun Fransiyaning JCh-2023dan diskvalifikatsiya qilinishini qat’iy so‘raymiz», - deyiladi Senegal futbol federatsiyasining FIFAga yo‘llagan bayonotida.
🚨🚨
— LeSportifSN (@Lesportifs_) November 22, 2023
La @Fsfofficielle a saisi le directeur de la compétition de la Coupe du monde U17 Indonésie 2023 sur le cas de Yanis Ali Issoufou Abdoulkhadre.#FifaWCU17 pic.twitter.com/b39n7CjuA6
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Fransiya futbol federatsiyasi «Monpele» klubi hujumchisi sanalmish Yannisning Niger o‘smirlar jamoasi safida musobaqaning saralash bosqichida maydonga tushganidan xabari bo‘lmagan. Tabiiyki, sportchining terma jamoasini o‘zgartirgani haqida FIFA ogohlantirilmagan. Terma jamoa bosh murabbiyi Jan-Lyuk Vannuki aynan diskvalifikatsiya ehtimoli tufayli Senegalga qarshi o‘yinda Issufuni qaydnomaga kiritmagandi.
FIFA fransuz nashri so‘roviga javoban ayni paytda ushbu masala o‘rganilayotgani, hozircha bundan boshqa izoh berilmasligini bildirgan. Lekin nashr o‘z manbalariga tayangan holda xalqaro futbol tashkiloti ish diskvalifikatsiyagacha bormasligi xususida Fransiya terma jamoasi mutasaddilarini tinchlantirgani haqida yozgan. Nashrga ko‘ra, Burkina-Faso chindan ham apellyasiya bergan, ammo bu reglamentda belgilangan muddatdan keyin sodir bo‘lgani aytilmoqda. Shu sababli ushbu vaziyatda fransuzlar oddiygina tushuntirish berish orqali mojaroli vaziyatdan oson chiqishlari ehtimoli yuqori ekani aytilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter