Senatning navbatdagi yalpi majlisi 20-noyabr kuni chaqiriladi
11-noyabr kuni Oliy Majlis Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisini 2020-yil 20-noyabr kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
«Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida»gi, «Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan geolog» faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yilning to‘qqiz oyi davomida Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisoboti, qolaversa, «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining vazirlik, idoralar hamda mahalliy hokimiyat organlari tomonidan ijro etilishi haqidagi masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter