Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senatda AKT vazirligi rahbariyatining axboroti tinglandi

Senatda AKT vazirligi rahbariyatining axboroti tinglandi

Foto: «Mitc.uz»

Bugun, 1-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda «Respublikada joriy yilning I choragida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar» yuzasidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbariyatining axboroti eshitildi. Bu haqda AKT vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a’zolari, Axbort texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar ekspertlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni ta’minlashning yangi tizimini hayotga tatbiq etish doirasida joriy yil davomida 42 ta «Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari» faoliyatini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan. Bugungi kunda Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani, Namangan viloyati Namangan shahri, Buxoro viloyati Kogon shahri, Xorazm viloyati Urganch shahri hamda Surxondaryo viloyati Termiz shahrida mazkur Markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Joriy yil yakuniga qadar ushbu markazlarda 86 ming nafardan ortiq yoshlarni o‘qitish rejalashtirilmoqda.

Hindistonning dasturiy texnologiyalar texnoparki bilan hamkorlikda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Loyihani amalga oshirish natijasida 200 dan ortiq dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarni tashkil etish, 1 000 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish, milliy dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va eksport ko‘lamini oshirish, mazkur yo‘nalishda qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish imkoniyati yaratiladi.

O‘tgan davrda keng polosali internetdan foydalanish imkoniyati 1,12 mln. portga, optik tolali aloqa liniyalarining umumiy uzunligi 30 ming km.ga, FTTx texnologiyasi asosida yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanish xizmatlaridan foydalanayotgan abonentlar soni 652,5 ming nafarga yetkazildi.

Wi-Fi hududlariga ulanish nuqtalarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga ko‘ra, xo‘jalik yurituvchi subektlar, telekommunikatsiya operator va provayderlari tomonidan 500 dan ortiq Wi-Fi orqali internetga ulanish nuqtalari o‘rnatilib, ishga tushirilgan.

«Xavfsiz shahar» loyihasini rivojlantirish doirasida umumiy qiymati 300 mln. yevro miqdoridagi investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Atlas International (Germaniya) kompaniyasi bilan kelishuv imzolangan. Bundan tashqari, «Huawei» kompaniyasi va xitoylik boshqa kompaniyalar bilan hamkorlikda Toshkent shahrida «Xavfsiz shahar» investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Shu bilan birga, tadbirda sohada amalga oshirilayotgan ishlarni sifat jihatidan yanada takomillashtirishga to‘sqinliq qilayotgan ayrim kamchilik va muammolar mavjudligi qayd etildi.

Tadbirda qo‘mita a’zolari mamlakatimizda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish bilan bog‘liq dasturlar ijrosini keng miqyosda bajarish, sohani zamonaviy standartlar asosida taraqqiy ettirish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rish lozimligini ta’kidladilar. Bu borada zarur taklif va tavsiyalar berildi.

Majlisda muhokama qilingan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring