Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Senat tomoshabin emas». AQShda uyg‘urlar huquqlariga doir qonun qabul qilindi

«Senat tomoshabin emas». AQShda uyg‘urlar huquqlariga doir qonun qabul qilindi

AQSh qonun chiqaruvchi idorasi – Kongress. Foto: AP

AQSh Senati uyg‘urlar haq-huquqlarini himoya qilishga doir qonun loyihasini (Uyghur Human Rights Policy Act) qabul qildi. Ikki partiya hamkorligida tayyorlangan qonun loyihasi Xitoyning Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi uyg‘urlar hamda boshqa musulmon elatlarning huquqlari buzilishiga qarshi kurashda muhim qadam ekani aytilmoqda.

Mazkur qonun tashabbuskorlaridan biri, respublikachi senator Mark Rubioning qayd etishicha, Qo‘shma Shtatlar Shinjonda kuzatilayotgan shafqatsiz xarakterdagi inson huquqlari buzilishi, jumladan, bir milliondan ziyod uyg‘urlar va musulmon ozchilikning «siyosiy tarbiyalash» lagerlarida saqlanayotgani uchun Xitoy hukumati va kommunistik partiya vakillarini allaqachon jazoga tortishi kerak edi.

«Mazkur qonunning qabul qilinishi Kongress millionlab uyg‘ur musulmonlari adolatsiz ravishda qamoqqa tashlangani, ommaviy ta’qib etilayotgani va qattiq tartibdagi mehnat lagerlariga yuborilayotganiga tomoshabin bo‘lib turmasligini ko‘rsatmoqda», — dedi qonun loyihasining yana bir tashabbuskori, demokratik partiya vakili Bob Menendes.

Senat tomonidan qabul qilingan hujjatga ko‘ra, Davlat departamentida Shinjon o‘lkasi bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etiladi. Yangi qonun Federal qidiruv byurosi va boshqa mas’ul idoralarga Kongressni Shinjon-uyg‘ur o‘lkasidagi vaziyatdan muntazam xabardor etib turish, AQSh fuqarolariga Xitoy hukumati tomonidan ehtimoliy tahdidlarning oldini olish majburiyatini ham yuklaydi. Hujjatda, shuningdek, jazo lagerlari faoliyatiga aloqador amaldor va kompaniyalarga qarshi jazo choralarini qo‘llash, axborot maydonida faollikni oshirish hamda dezinformatsiyaga qarshi kurash ko‘zda tutilgan.

Amaldagi tartibga ko‘ra, Senat tomonidan qabul qilingan qonun Vakillar palatasida ma’qullanishi talab etiladi. So‘nggi bosqichda esa qonun mamlakat prezidenti tomonidan imzolanadi.

Rasmiy Pekin AQSh Senatida uyg‘urlar huquqlarini himoya qilishga doir qonun qabul qilinishini keskin qoraladi. Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Xua Chunin bu hodisani Xitoyning ichki ishlariga aralashuv deb atab, mazkur qonun Pekin va Vashington munosabatlariga zarar yetkazishidan ogohlantirdi.

AQSh Davlat departamenti hisobotiga ko‘ra, Xitoy tomoni Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida  yashovchi 800 mingdan 2 milliongacha uyg‘ur, qozoq va boshqa millatlarga mansub musulmonlarni lagerlarda tutqunlikda saqlamoqda.

Qayd etilishicha, sudsiz, tergovsiz joriy etilgan ushbu jazo usuli mahalliy musulmonlarni o‘z dini va milliy o‘zligidan mahrum etish va to‘liq xitoylashtirishga qaratilgan. Davlat departamenti hisobotida lagerlarda ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik avj olgani, shinjonlik musulmonlar namoz o‘qigani yoki ro‘za tutgani uchungina jazolanayotgani xabar qilingan.

Prezident Donald Tramp global miqyosda diniy erkinliklarni qo‘llab-quvvatlashni tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi deb e’lon qilgani ma’lum. Inchunin, Oq uy ma’muriyati Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida mahalliy musulmonlar huquqlari buzilishi yuzasidan ham rasmiy Pekinga ko‘pdan beri e’tiroz bildirib keladi. Qo‘shma Shtatlar Xitoy rahbariyatidan «madaniy genotsid»ni to‘xtatishni talab qilarkan, aks holda, iqtisodiy jazo choralari joriy etilishidan ogohlantirgan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi ham Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida ko‘p sonli yopiq lagerlarda mahalliy musulmonlar tutqinlikda saqlanayotganini qoralagan.   Xitoy tomoni esa yopiq lagerlarda uyg‘urlar va boshqa kam sonli millatlarga mansub musulmonlar qiynoqqa solinayotgani haqidagi xabarlarni inkor etadi. Rasmiy Pekinga ko‘ra, ekstremizmga moyil aholini qayta tarbiyalashga yo‘naltirilgan ta’lim va kasb-hunar markazlari faoliyati noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.

S. Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring