Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senat raisi: «O‘zbek tilining abgor holga tushishiga beparvoligimiz sabab bo‘lmoqda»

Senat raisi: «O‘zbek tilining abgor holga tushishiga beparvoligimiz sabab bo‘lmoqda»

Foto: «Uza.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshlagani haqida xabar bergan edik. Unda Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev nutq so‘zladi.

«Daryo»ning xabar berishicha, Senat raisi o‘z nutqida o‘zbek tilining qadrsizlanib qolayotgani, qonun hujjatlarining aksariyati rus tilida ekanligini taassuf bilan ta’kidlab o‘tdi.

«Sizga yaxshi ma’lumki, 2019-yilda «Davlat tili haqida»gi Qonunning qabul qilinganiga 30 yil to‘ladi.

Tarixdagi ushbu shonli sanani munosib nishonlashga puxta tayyorgarlik ko‘rish va til rivoji bilan bog‘liq muammolarni tahlil etish maqsadida «Davlat tili haqida»gi Qonunning Toshkent shahrida, shuningdek, turli vazirlik va idoralarda ijro etilish holati o‘rganildi.

O‘rganishda mustabid tuzum hukmronligi davrida xalqning o‘ziga xos jasorati timsoli sifatida qabul qilingan ushbu Qonun ijrosi yillar davomida deyarli o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi aniqlandi.

Eng afsusli jihat shundaki, tilning ijtimoiy ongni shakllantiruvchi muhim omil sanalishiga va inson qaysi tilda so‘zlasa va fikrlasa, o‘sha tildagi mafkuraga moyil bo‘lishiga ahamiyat qaratmadik.

Aksincha, Qonun ijrosini nazorat qilishga mas’ul bo‘lgan parlament huzuridagi Doimiy til komissiyasi hamda Atamashunoslik qo‘mitasi faoliyatlari tugatildi, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish ishlari esa, belgilangan muddatda to‘liq yakuniga yetkazilmadi.

Keyinchalik qabul qilingan qonunlardagi normalarning «Davlat tili haqida»gi Qonunga muvofiqligini ta’minlash masalasi ham e’tibordan chetda qoldi.

Misol uchun, «Reklama to‘g‘risida»gi, «Firma nomlari to‘g‘risida»gi va boshqa qonunlarda «Davlat tili haqida»gi Qonun normalariga zid qoidalar mavjudligi buning yaqqol dalilidir.

Qonunda javobgarlikka tortishga asos bo‘luvchi normalar mavjud bo‘lsa-da, qonun normalarining muntazam buzib kelinayotgani uchun biron-bir aybdor shaxs belgilangan tartibda javobgarlikka tortilmadi.

Achchiq bo‘lsa-da, aytishga to‘g‘ri keladi – bu holat qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish o‘rniga, uni ma’lum ma’noda rag‘batlantirmoqda.

Bu kabi yana ko‘plab kamchiliklar va hanuzgacha davom etayotgan qonunbuzarliklar, ta’bir joiz bo‘lsa, Qonunning egasiz va ojiz bo‘lib qolgani oqibatida davlat tili nufuzi pasaymoqda.

O‘nlab atamalar nafaqat kundalik iste’molda, balki normativ-huquqiy hujjatlarda ham hech bir izohsiz qo‘llanilmoqda.

Turli yillar mobaynida Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan 154 ta normativ-huquqiy hujjatning ilovalari davlat tilida tasdiqlanmagan.

Shuningdek, 2018 yilda qabul qilingan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va agentliklarning 34 ta qo‘shma qarori ham davlat tilida emas.

Buning ustiga, ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlarda «Rus tilidagi matnga qarang», degan havolalarning mavjudligini esa, davlat tiliga o‘ta hurmatsizlik sifatida baholash mumkin.

Nafaqat nodavlat teleradiokanallari, balki O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallarida ham boshlovchilar tomonidan adabiy til qoidalariga zid ravishda turli shevalarda so‘zlash salbiy odat tusiga aylanmoqda.

Telekanallarda efirga berilayotgan nomi inglizcha-yu, o‘zi go‘yoki o‘zbekcha ko‘rsatuvlar til qoidalariga mutlaqo yotligi mas’ullarni ham, ko‘rsatuvlarni tayyorlovchi qo‘shtirnoq ichidagi «ijodkor»larni ham hech bo‘lmaganda uyaltirmayapti», — dedi Senat raisi.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev shuningdek, aksariyat adabiyotlarning kirill alifbosida chop etilayotgani yoshlarning imkoniyatlarini cheklab qo‘yayotganini ham alohida ta’kidladi:

«Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida saboq olishni boshlagan yosh avlod bugun 23 yoshdan oshdi.

Fundamental ilmiy, badiiy, siyosiy va boshqa adabiyotlarning aksariyati esa, kirillchada qolib ketgan. Oqibatda hayotning ayni ilm olishga zarurat va ishtiyoq tug‘ilgan jo‘shqin pallasida aksariyat yoshlarning imkoniyati cheklanib qolmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, tilining abgor holatga tushib qolayotganiga o‘zimizdagi beparvolik va e’tiborsizlik sabab bo‘lmoqda.

Shu bois, Senat Kengashi Vazirlar Mahkamasi va boshqa mas’ul tuzilmalarga shu kabi ko‘plab kamchiliklarni, davlat tili rivojiga to‘siq bo‘layotgan shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalarni berdi.

Xususan, «Davlat tili haqida»gi Qonun ijrosini to‘liq ta’minlashga oid kompleks chora-tadbirlar belgilangan «Yo‘l xaritasi»ni tasdiqlash, Qonun talablarining vazirlik va idoralar tomonidan bajarilishi holatini Vazirlar Mahkamasining rayosatida muntazam muhokama qilib borish zarurligi belgilandi.

Bizning tavsiyalarga asosan Adliya vazirligi tomonidan norma ijodkorligi jarayonida «Davlat tili haqida»gi Qonun talablariga rioya etish bo‘yicha talabning kuchaytirilayotganini esa, qo‘llab-quvvatlaymiz», deb ta’kidladi Senat raisi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring