Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senat bir guruh erkaklar tomonidan zo‘rlangan ayol voqeasiga munosabat bildirdi

Senat bir guruh erkaklar tomonidan zo‘rlangan ayol voqeasiga munosabat bildirdi

Foto:«Xabar.uz»

Qarshi shahrida bir guruh fuqarolar tomonidan zo‘rlangan ayol voqeasi ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati mazkur voqea yuzasidan o‘z saytida munosabat chop etdi.

Unda yozilishicha, «ko‘ngilsiz voqeaga uchragan bu ayolning tunda ko‘chada yurgani yoki axloqiy yurish-turishi mazkur mudhish jinoyat sodir etilishiga asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rsatilmoqda.

Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi bu holatni faqat ana shu omil bilan bog‘lash noto‘g‘ri ekanligini ta’kidlaydi. Unutmasligimiz lozim, mamlakatimiz Konstitutsiyasi va qonunlarida har bir fuqaro xoh tun, xoh kunduz bo‘lsin, ko‘chada yurishi taqiqlanmagan, shuningdek hech kim birovning axloqsizligini ro‘kach qilib, uni o‘zboshimcha jazolashga haqqi yo‘q.

Bundan tashqari, ma’lum bo‘lishicha, bu ayol o‘z oilasini boqish istagida umumiy ovqatlanish joylaridan birida ofitsiant bo‘lib ishlagan va uyiga qaytayotgan vaqtda ayrim niyati buzuq shaxslar tomonidan tahqirlangan.

Shuning uchun masalaga bunday tor ma’noda yondashish yurtimizda tunda yurish zo‘ravonlik qurboni bo‘lishga sabab bo‘ladi degan mutlaqo noto‘g‘ri qarashlarning shakllanishiga, natijada mamlakatimizda o‘rnatilgan qonun ustuvorligi haqida yanglish fikr paydo bo‘lishiga olib keladi.

Xulosa bitta – ayol kishining erkinligiga tajovuz qilingan va jinoyat sodir etgan shaxslar qonun oldida javob berishi muqarrar».

O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi va Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi ushbu jinoyat ishi bo‘yicha mutasaddi idoralar tomonidan zarur choralar ko‘rilishini kuzatib borishini bildirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring