Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saylovning eng muhim tamoyili – oshkoralik

Saylovning eng muhim tamoyili – oshkoralik

Har qanday demokratik-huquqiy davlatning ajralmas belgisi bo‘lgan saylovning eng muhim tamoyili – oshkorolik va ochiqlikdir. Saylov jarayonida siyosiy partiyalar va o‘zini o‘zi boshqarish institutlari vakillarining kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi esa, saylovning qonuniy va shaffof o‘tkazilishi shartlaridan biridir.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida katta yutuqlarga erishilgani, saylov qonunchiligida amalga oshirilgan qator islohotlarnatijasida mazkur jarayonlarning ochiq va oshkora o‘tkazilishi ta’minlamoqda.

Xususan, saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish borasidagi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalariga muvofiq ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 7-bobi va “Siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar to‘g‘risidagi nizomi”da kuzatuvchilarining quyidagi huquqlari va majburiyatlari belgilangan.

Masalan, kuzatuvchi:

  • saylovga qadar bo‘lgan barcha jarayonlarda saylov komissiyalarining majlislarida qatnashadi va nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etadi;
  • saylov uchastkasida o‘z vaqtida hozir bo‘ladi, yashirin ovoz berish uchun tayyorlangan xonalarni, saylov qutilarining muhrlanishini, muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti, joyi haqida xabardor bo‘ladi va matbuot uchun yaratilgan sharoitlarni kuzatadi;
  • ovoz berishning o‘z vaqtida boshlanishini, fuqarolarga shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida bittadan saylov byulletenlarining berilishini, saylov jarayoni va ovoz berishning yashirinligini buzmasdan foto, video, audio yozuvlarni amalga oshiradi;
  • ovoz berishning shafof borishini va uning o‘z vaqtida yakunlanishini kuzatadi;
  • ovozlarni sanashda qatnashadi va saylov natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini so‘rash va olish, kuzatuv olib borish huquqiga ega.

Shu bilan bir qatorda,kuzatuvchisaylov uchastkasida saylov qonunchiligi talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblash uchun asoslar bo‘lsa, o‘z kuzatuvlari to‘g‘risida ushbu uchastka saylov komissiyasi a’zolariga ularning ishiga aralashmagan holda ma’lum qiladi.

Kuzatuvchiga ma’lum taqiqlar ham mavjud.

Jumladan, ular qatoriga:

  • saylovchi saylov byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda ovoz berish kabinasida yoki xonasida bo‘lish;
  • saylovchilarga ta’sir o‘tkazish;
  • biron-bir tashviqot materiali yoki adabiyotini tarqatish;
  • saylovchilardan ular kimni yoqlab ovoz berganliklarini surishtirish yoki saylovchilarga byulletenga belgi qo‘yishda biron-bir tarzda yordam ko‘rsatish;
  • uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan saylov qutilari muhrlanayotgan, ochilayotgan, ovozlar sanab chiqilayotganda aralashish;
  • saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni e’lon qilish kabilar kiradi.

Eng muhimi, kuzatuvchi o‘z faoliyatida barcha darajadagi saylov komissiyalariga, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlarga tashrif buyurganida unga berilgan mandatni hamda o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yonida olib yurishi hamda o‘z xulosalarini haqqoniy materiallar bilan asoslashi shart.

Yuqorida qayd etilgan shart va talablar saylovning oshkoraligi va qonuniyligini ta’minlashi bilan ahamiyatlidir.

Sayfiddin JO‘RAYeV
Siyosatshunoslik fanlari doktori
Toshkent davlat sharqshunoslik Universiteti professori

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring