Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saylovlarga hozirlik jarayonlari qanday kechayotganiga bir nazar

Saylovlarga hozirlik jarayonlari qanday kechayotganiga bir nazar

Mamlakatimizda muhim siyosiy tadbirga - O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligiga 2024-yil 27-oktyabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlarga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining Markaziy saylov komissiyasi yurtimizda saylov kompaniyasi 2024-yil 26-iyulidan boshlanishini ma’lum qilgan edi.

Bu yilgi saylovlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va 2023-yil 18-dekabrda Saylov kodeksiga kiritilgan yangi normalarga muvofiq, birinchi marta majoritar-proporsional (aralash) tizim asosida o‘tkaziladi. Bu tizimda saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga bo‘linadi. Parlament quyi palatasi deputatlarining 75 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha majoritar tizim (nomzod uchun ovoz berish), qolgan 75 nafari proporsional tizim bo‘yicha, ya’ni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida (partiya ro‘yxati asosida) saylanadi.

Saylov qonunchiligidagi yana bir yangilik shundaki, saylovda natijani aniqlashda bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovozini olgan nomzod saylangan, deb hisoblanadi. Avvalgi tahrirda nomzod saylanishi uchun 50 foiz+1 ovoz olish talab etilar edi.

Hozirgi demokratik davlatlarda ko‘ppartiyaviylik sharoitida o‘tkaziladigan saylovda aynan nisbiy ko‘pchilik ovoziga asoslangan majoritar saylov tizimidan foydalanish qulay, sodda va eng maqbuli sanaladi. Chunki bir mandatli saylov okrugidan qancha nomzod ko‘rsatilgan bo‘lishidan qat’iy nazar boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz to‘plagan nomzod saylangan hisoblanadi. Bunda takroriy ovoz berish yoki saylovning ikkinchi turini o‘tkazishga ehtiyoj qolmaydi. Natijada ortiqcha vaqt, resurs va mablag‘ sarfining oldi olinadi. Vakillik organlari to‘liq tarkibda, nisbatan ertaroq shakllanishi va faoliyatini yo‘lga qo‘yishi mumkin bo‘ladi.

Qonunchiligimizga ko‘ra, saylov, agar unda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilarning o‘ttiz uch foizidan kami ishtirok etgan bo‘lsa, o‘tmagan deb hisoblanadi. Shuningdek, Qonunchilik palatasiga yagona saylov okrugi bo‘yicha o‘tkazilgan saylovda ishtirok etgan siyosiy partiyalarning hech biri saylovda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini to‘plamagan bo‘lsa, yagona saylov okrugi bo‘yicha saylov o‘tmagan, deb topiladi.

Ayrim bloger va fuqarolar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda saylov jarayonlar sust ketayotganligi haqidagi fikrlar quloqqa chalinmoqda. Aslida vaziyat qanday?

Mamlakatimizda saylov jarayonlarining har bir bosqichi amaldagi qonunchilik bilan belgilab qo‘yilgan. Ularni tashkil etishda mas’ul davlat va nodavlat tashkilotlarining huquq va majburiyatlari belgilangan. Yana bir muhim jihat shundaki, saylov jarayonlarini tashkil etish va boshqarish mutlaqo mustaqil faoliyat yuritadigan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 26-iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida saylovni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni saylov qonunchiligida belgilangan muddatlarda bosqichma-bosqich o‘tkazilishini ta’minlash yuzasidan kalendar reja tasdiqlandi. Hozirgi paytda Markaziy saylov komissiyasi xolis va mustaqil konstitutsiyaviy organ sifatida bo‘lajak saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tadbirlarni milliy qonunchilik, xalqaro saylov standartlariga to‘la muvofiq holda ochiq va oshkora o‘tkazilishini ta’minlamoqda.

Markaziy saylov komissiyasining qaroriga ko‘ra, bu yil bo‘lib o‘tadigan saylovning eng muhim bosqichi — deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti 2024-yil 22-sentyabrdan boshlandi. Hozir saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolguniga qadar siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari, ishonchli vakillar tomonidan saylovoldi tashviqoti olib borilmoqda.

Milliy qonunchiligimizda, har kimning o‘z saylash va saylanish huquqini  amalga oshirish uchun barcha huquqiy asoslar yaratilgan. Saylovni demokratik prinsiplarga mos tarzda tashkil etishning amaliy mexanizmlari shakllangan. E’tiborlisi, mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlarni, jumladan, saylovchilarning ovoz berish jarayonini  siyosiy partiyalarning, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakillari, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari, jurnalistlar, jumladan, xorijlik jurnalistlar kuzatib borishadi.

Mazkur saylovlarda erkin qatnashish har bir fuqaroning konstitutsiyaviy huquqidir. Saylovlarga qatnashish orqali fuqarolar mamlakatimizning muhim vakillik organlarini shakllantirishga, shu tariqa vatanimiz ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shadilar.

Saylovlarda eng munosib nomzodlar va siyosiy partiyaning g‘alaba qozonishi O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar faoliyatini samarali tashkil etish va shu orqali mamlakatimizning barqaror rivojlanishida juda muhim o‘rin tutadi.

Sherzod Zulfiqorov,
yuridik fanlari doktori

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring