Saylovlar o‘tdi, natijalar hali yo‘q...
Markaziy Afrika Respublikasi «Qora qit’a»ning qoq markazida joylashgan bo‘lib, 27-dekabrda bu yerda parlament va prezidentlik saylovlari o‘tkazildi.
Mamlakat nafaqat o‘z yetakchisini tanlamoqda, balki 140 nafar deputatdan iborat parlamentning deputatlarini ham saylamoqda. Prezidentlik uchun 17 nafar nomzod kurash olib bordi. Ekspertlarning fikricha, amaldagi prezident yaqqol peshqadamlik qilmoqda.
Milliy saylov komissiyasi prezident Matias Bartelemi Morubaning ma’lum qilishicha, «saylovlar qonunlarga mos holda o‘tdi va 1,8 million saylovchilarning ovoz berishi uchun barcha sharoitlar yaratib berildi. Komissiya ixtiyorida ovozlarni hisoblash uchun 8 kun vaqt bor. Agar kimdir ovoz berish natijalariga e’tirozi bo‘lsa, Konstitutsiyaviy sudga murojaat etishi mumkin».
Rasmiy natijalar keyingi yil 4 yanvarda e’lon qilinishi kutilmoqda. Qonunga ko‘ra, agar biror bir nomzod 50 foizdan ko‘p ovoz to‘play olmasa, 14-fevralda qayta ovoz berish o‘tkaziladi.
Ta’kidlash kerakki, mamlakat foydali qazilmalarga nihoyatda boy bo‘lsa-da, dunyodagi eng qashshoq davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Aholining 75 foizi qashshoqlikda umrguzaronlik qilmoqda. Yalpi ichki mahsuloti 4 milliard bo‘lib, uning aholiga nisbatan ulushi bo‘yicha jahonda 186-o‘rinda bormoqda.
Eng yomoni, ushbu davlat sayyoramizdagi eng notinch mamlakatlardan biri. Bu yerda barqarorlikni ta’minlash uchun BMTning tinchlikparvar missiyasi – MARda barqarorlik bo‘yicha BMTning ko‘p profilli kompleks missiyasi (MINUSCA) faoliyat ko‘rsatmoqda va uning vakolat mandati 2021 noyabr oyida nihoyasiga yetadi. «Ko‘k kaskali»lar soni 12,8 ming kishiga teng va aksariyat harbiylar ruandaliklardir.
19 dekabrda qurollangan muxolifat hukumatga qarshi «O‘zgarishlar uchun vatanparvarlar koalitsiyasi»ni tuzishdi. Saylovlarga bosim o‘tkazish maqsadida ular poytaxtga qarab yo‘l olishdi, uni egallab olishga urindilar.
Tinchlikparvar kuchlar poytaxt Bangiga zudlik bila ko‘chirilishi natijasida bu noxush reja amalga oshmay qoldi va ular vaziyatni o‘z nazoratiga olishdi. Biroq muxolifatchilar poytaxtga eltuvchi yo‘ldagi qator shaharlar va aholi manzilgohlarini egallab olishdi.
Ular amaldagi prezident Fosten-Arkanj Tuaderaning saylovning birinchi bosqichida g‘alaba qozonish rejasiga halaqit berishga, navbatdagi turga qadar notinchlikdan foydalanib qolishga harakat qilishmoqda.
Sobiq prezident asosiy o‘yinchi...
Amaldagi davlat rahbari bu noqonuniy hatti-harakatlar ortida mamlakatni o‘n yil boshqargan sobiq prezident, 74 yoshli general Fransua Bozize turganini ta’kidlamoqda.
Aslida Fransua Bozize 2019 yil dekabrda olti yillik emigratsiyadan keyin mamlakatga qaytib kelgan edi. U 2003 yilda harbiy to‘ntarish ortidan prezident bo‘lib olgandi. Ammo 10 yildan keyin uning o‘zi ham «Seleka» koalitsiyasi otryadlari tomonidan davlat to‘ntarishi natijasida ag‘darilgan va Kamerunga qochib ketgan edi.
«Seleka» asosan musulmon ozchilikdan tuzilgan koalitsiya bo‘lib, Fransua Bozize esa mamlakat aholisining 85 foizlik xristian diniga e’tiqod qiluvchi ko‘p sonli din vakili edi.
Sobiq prezident saroyga qaytishni istab, navbatdagi saylovlarda ishtirok etishni e’lon qildi, biroq Konstitutsiyaviy sud uni nomzodlar ro‘yxatidan chiqarib tashladi. U o‘z vaqtida siyosiy, jumladan noqonuniy hibsga olishlar va raqiblarini qiynoqqa solish kabi jinoyatlari uchun xalqaro qidiruvga berilgan edi. Qolaversa, unga insoniyatga qarshi jinoyatlar qilgan harbiy guruhlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun BMT sanksiyalari amal qilmoqda.
Hokimiyatparast sobiq prezidentning boshqa chorasi qolmagach, u ochiqdan-ochiq muxolifat yetakchisi Anise-Jorja Dologeleni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Albatta, Dologele g‘alaba qozonsa ham uning ortidan turib mamlakatda katta ta’sirga ega bo‘lib qolaveradi. MARdagi eng ko‘p sonli etnik guruh – gbayya qabilasi vakillari ham generalning tarafdorlari hisoblanadi. Qolaversa, armiya kuchlari tarkibida ham uning tarafdorlari nihoyatda kuchlidir.
Beqarorliklarga nuqta qo‘yib bo‘lmayapti...
2013 yildagi to‘ntarishdan so‘ng ham vaziyat o‘nglanmagan edi. O‘shanda «Seleka» musulmon koalitsiyasi bilan xristianlar hamda mahalliy dinlarga e’tiqod qiluvchi animistlardan iborat «Antibalaka» harakati o‘rtasida qonli fuqarolik urushi boshlanib ketdi. Olti mingdan ortiq yaqin kishi qurbon bo‘ldi va besh millionli aholining 1,1 millioni qochqinga aylandi.
Oqibatda 2016 yildagi saylovlarda «Seleka» yetakchisi, mamlakat tarixidagi ilk musulmon prezident Mishel Jotodiyu o‘rnini Fosten-Arkanj Tuaderaga bo‘shatib berdi. Ammo u ham fuqarolar urushiga uzil-kesil nuqta qo‘ya olmadi.
Saylovdan keyin barqarorlikni saqlash uchun bu yerga kiritilgan fransuz harbiylari ham bunga muvaffaq bo‘lolmadi. Ziddiyatlashayotgan tomonlar o‘rtasida oxirgi 13 yilda erishilgan 11 ta siyosiy kelishuvlar kutilgan samara bermadi. Hukumat mamlakatning atigi uchdan birini nazorat qilmoqda, xolos.
Qo‘shnilar raqobati, Rossiya va Fransiya ishtiroki...
MAR zaminidagi bebaho olmos, uran, oltin, neft va boshqa foydali qazilmalarni o‘z ta’siriga olishni istayotgan tashqi kuchlarning faollashuvi ham ichki vaziyatga ta’sir ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, mamlakatning o‘rmon va gidroenergiya resurslariga boyligi ham uning jozibadorligini oshirmoqda.
Masalan, qo‘shni Chad va Kongo Respublikasining bevosita ishtirokida juda qisqa muddatda hukumatga qarshi koalitsiya shakllantirilgani tashvishlanarlidir. Ammo ularni siqib chiqarishda va hukumatning mustahkam turishida ruandaliklar muhim rol o‘ynamoqda.
Bu yerdagi tinchlikparvar kuchlarning 6,5 ming harbiysi aynan ruandaliklar bo‘lib, ular ruslar bilan ittifoqchilikda muvofiqlashtirilgan harakatlarni olib borayapti.
Ruanda Prezidenti Pol Kagame ikki tomonlama bitim asosida BMT Nizomining 7-bandiga muvofiq harakat qilayotgan «ko‘k kaskali»lardan farqli ravishda ruandaliklarga agar hujum bo‘lsa, ogohlantirishlarsiz qurolni ishlatishi mumkinligini va qo‘shnisi hududiga yana mingga yaqin askarlar yuborilishini ta’kidlab o‘tdi.
Putin boshchiligidagi rus harbiylari ham beqaror hududlarga tezkor kirib borishi bilan tanilib qoldi. 21 dekabrda Rossiyadan 300 askarning hukumat kuchlari tarkibiga kelib qo‘shilishi, yo‘riqchilar, qurol yaroq va harbiy texnikalar yetkazib berilayotgani, jumladan, 20 ta zirhli avtomobillar (BRDM-2) keltirilgani vaziyatni o‘zgartirmay qolmadi.
Ular MARning muntazam armiyasini zamonaviy harbiy bilimlarga va texnikalarga o‘qitishadi, o‘rgatishadi. Shuningdek, rus kompaniyalari yollagan xususiy qo‘riqchilar mamlakat prezidentining xavfsizligini bevosita ta’minlashmoqda.
Yaqin istiqbolda Rossiya bu yerga dori vositalari, avtomobillar, kon va qishloq xo‘jaligi texnikalari, bug‘doy, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni himoya qiluvchi vositalarni yetkazib berishi mumkin. Hatto ruslarning harbiy bazasi paydo bo‘lishi ham mumkin.
Buning evaziga rus milliarderi Yevgeniy Prigojinga tegishli «Lobaye Invest» kompaniyasi mamlakat oltin va olmos konlaridan imtiyozli foydalanish huquqiga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Bunday shiddatli jarayonlar 1960 yildan buyon bu yerda eng katta siyosiy va harbiy ta’sirga ega bo‘lib kelgan rasmiy Parij va Vashingtonning jig‘iga tegmoqda. Ular Moskvaning Afrika ishlarida faollashib ketishini istashmaydi. Ammo ular ham Fransua Bozizening mamlakatda beqarorlikni keltirib chaqarishga urunishlarini yoqlamayapti.
Fransuzlar parlament sobiq spikeri, poytaxt hokimi, 2014-2016 yillarda vaqtinchalik prezident bo‘lgan Karim Mekassuani rahbar bo‘lishini istamoqda, biroq bu faqat nazariy jihatdan bir variant xolos. Shu tariqa saylov natijalari e’lon qilinguniga qadar va undan keyin ham MARda tinchlik va osoyishtalikni saqlash eng jiddiy muammo bo‘lib qolaveradi.
Charos Qosimova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter