Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saylovga oz qoldi. Qonunchilikda u haqda nimalarni bilish muhim?

Saylovga oz qoldi. Qonunchilikda u haqda nimalarni bilish muhim?

Joriy yilning 24-oktyabrida bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi milliy saylov amaliyoti va xalqaro saylov me’yorlariga mos ravishda qabul qilingan saylov qonunchiligi asosida o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari tizimi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga oid qonunchilik hujjatlari tizimi quyidagilardan iborat: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (1992 yil 8 dekabr); O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi (2019 yil 25 iyun); O‘zbekiston Respublikasi «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi qonuni (1996 yil 26 dekabr), «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida»gi qonuni (2004 yil 30 aprel); O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining qarorlari.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari, jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining huquqiy asoslari hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining huquqiy maqomiga oid normalar bilan bir qatorda, saylovga oid tamoyil hamda qoida-talablar ham mustahkamlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 23-bobi «Saylov tizimi»ga bag‘ishlangan bo‘lib, mamlakatimiz saylov tizimiga oid muhim tamoyil va normalarni belgilaydi. Xususan, Konstitutsiyamizning 117-moddasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari saylash va saylanish huquqiga va har bir saylovchi bir ovozga ega ekani, shuningdek, ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi kafolatlangan.

Bundan tashqari, ushbu moddada saylov huquqining muhim prinsiplari mustahkamlangan bo‘lib, saylov jarayonlarini xalqaro saylov standartlari asosida ochiq-oshkora va demokratik tarzda o‘tkazishga imkon beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi. Ushbu konstitutsiyaviy normaning ahamiyati shundaki, birinchidan, mamlakatimizda bo‘ladigan saylovlar, shu jumladan, Prezident saylovini o‘tkazish muddatining aniq belgilanishi saylov jarayoni ishtirokchilarining muhim siyosiy kampaniyaga tayyorgarlik ko‘rishi va samarali ishtiroki uchun muhim hisoblanadi, ikkinchidan, davlat organlarining davriy saylovlar asosida xalq tomonidan shakllantirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Saylovga oid qonunchilik hujjatlari tizimida O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi muhim ahamiyatga egadir. Saylov kodeksi loyihasi 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» Davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan. Kodeks loyihasini tayyorlash davomida, birinchidan, milliy qonunchiligimiz va saylov amaliyoti tahlil etildi, ikkinchidan, 20 dan ortiq xorijiy mamlakatlarning (Fransiya, Niderlandiya, Kanada, Italiya, Shvetsiya, Belgiya, Polsha, Albaniya, Belarus, Ozarbayjon va boshqalar) ilg‘or tajribasi o‘rganildi, uchinchidan, xalqaro tashkilotlarning saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq tavsiyalari inobatga olindi.

Saylov kodeksi turli saylovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq 5 ta qonun va o‘ndan ortiq me’yoriy hujjatlar asosida qabul qilingan, o‘zida 30 dan ortiq yangi demokratik saylov qoida-talablarni mujassamlashtirgan yagona kodifikatsiyalashgan huquqiy hujjatdir. O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi 2019 yil 25 iyunda qabul qilingan bo‘lib, 18 ta bob va 103 ta moddadan iborat. Saylov kodeksining asosiy yangiliklari quyidagilarni tashkil etadi:

1) O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish tartibi joriy etildi;

2) muddatidan oldin ovoz berish va saylov kuni ovoz berish uchun yagona saylov byulletenini joriy etish orqali «saylov varaqasi» tushunchasi chiqarib tashlandi;

3) saylovlarni o‘tkazish yoki tashkil etishning boshqa masalalari yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi kiritildi;

4) siyosiy partiyalar tomonidan imzo yig‘ish jarayonida saylovchilarning bir yoki bir nechta nomzodlarni yoxud partiyalarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishi mumkinligi belgilandi;

5) ovoz berish jarayonida saylovchilarga bir nechta belgilardan (+,  x) birini qo‘yish imkoniyati berildi;

6) saylov uchastkasida ovozlarni sanash bayonnomasining nusxasini 48 soatga darhol joylashtirish tartibi belgilandi;

7) ovoz berish tugaganidan keyin uchastka saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladigan harakatlar (ovozlarni sanab chiqish, bayonnoma tuzish va boshq.) ko‘rsatildi;

8) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari tomonidan uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar bo‘yicha takliflar kiritish tartibi belgilandi;

9) saylov komissiyasi a’zolari uchun yangi talablar o‘rnatilib, unga ko‘ra, nomzodlarning yaqin qarindoshlari va ishonchli vakillari, shuningdek, nomzodlarga bevosita bo‘ysunuvchi shaxslar saylov komissiyasining a’zolari bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi;

10) nomzodlar ishonchli vakillarining O‘zbekiston Respublikasidagi safar xarajatlarini saylovni o‘tkazish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan to‘lanishi tartibi belgilandi;

11) ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning saylovda ishtirok etishini cheklovchi normalar chiqarib tashlandi;

12) saylovchilar ro‘yxatiga o‘zgartishlar kiritish saylovga besh kun qolganida to‘xtatilishi belgilandi;

13) muddatidan oldin ovoz berish saylovga 3 kun qolganida tugashi belgilandi;

14) tashviqot ishlarini boshlashda barcha nomzodlar uchun yagona muddat, ya’ni ularni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanishi ko‘rsatildi va boshqalar.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, saylov qonunchiligi tizimida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ham muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Saylov kodeksining 16-moddasiga asosan, Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ochiq ovoz berish orqali, komissiya a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Markaziy saylov komissiyasining qarorlari qabul qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi va Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida o‘sha kunning o‘zida, shuningdek, zarur bo‘lgan hollarda boshqa manbalarda e’lon qilinishi lozim. Markaziy saylov komissiyasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlari okrug va uchastka saylov komissiyalari, davlat organlari, siyosiy partiyalar hamda boshqa jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uchun majburiydir.

Markaziy saylov komissiyasining qarorlari bilan saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga oid qoidalar, tashkiliy chora-tadbir va uslubiy ko‘rsatmalardan iborat nizom, yo‘riqnoma va boshqa hujjatlar tasdiqlanishi mumkin.

Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati

Mamlakatimizda saylov qonunchiligi boshqa sohalar kabi jamiyat va davlat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, izchil ravishda takomillashib bormoqda.

Mamlakatimizda o‘tkazilgan turli saylovlar tahlili, saylov jarayoni ishtirokchilarining takliflari va xalqaro kuzatuvchilarning tavsiyalari asosida 2021 yil 8 fevralda O‘RQ-670-son O‘zbekiston Respublikasining «Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi.

Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati va asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 117-moddasining ikkinchi qismidagi «dekabr» degan so‘z «oktyabr» degan so‘zga o‘zgartirildi. Mazkur o‘zgartishlarni qabul qilishda quyidagi milliy va xalqaro ahamiyatdagi omillarga tayanildi:

– saylovchilarning bildirgan xohish-istaklari;

– saylov komissiyalari a’zolari tomonidan bildirilgan takliflar;

– xorijiy mamlakatlarning saylovlarni o‘tkazish tajribasi;

– xalqaro kuzatuvchilarning tavsiyalari;

– saylov jarayoni ishtirokchilari uchun qulay sharoit yaratish zaruriyati va boshqalar.

  1. YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining tavsiyalari asosida O‘zbekiston Respublikasining 2004 yil 30 aprelda qabul qilingan «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida»gi qonunining 8-moddasiga siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish bilan bog‘liq quyidagi qoida-talablar kiritildi, unga ko‘ra, siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘larining bir nomzod hisobiga to‘g‘ri keladigan miqdori O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi. Siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘lari shu partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxatga olinganidan keyin ro‘yxatga olingan nomzodlar soniga muvofiq hajmda siyosiy partiyaning hisob-kitob varag‘iga belgilangan tartibda o‘tkaziladi. Saylovda siyosiy partiyalarning ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablag‘lar siyosiy partiya tomonidan: tashviqot olib borishga; nomzodlarning ishonchli vakillari va tashviqot o‘tkazish uchun jalb qilinadigan boshqa faollar ishini tashkil etishga; saylov kampaniyasini o‘tkazishga doir umumpartiyaviy tadbirlarga sarflanishi kerak. Mazkur norma orqali siyosiy partiyalarning saylovlarda qatnashishini moliyalashtirish va tegishli mablag‘larni maqsadli sarflash masalalari huquqiy jihatdan mustahkamlandi.

Shuningdek, mazkur qonun 16-moddasining ikkinchi qismi quyidagicha bayon etilgan: «Siyosiy partiya har yili qonunchilikda belgilangan muddatlarda hamda tartibda moliya organlariga, davlat soliq xizmati organlariga, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Adliya vazirligiga hisobot davrida olingan hamda sarflangan moliyaviy va boshqa mablag‘lar to‘g‘risida moliyaviy hisobot taqdim etishi shart. Siyosiy partiya saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun o‘ziga ajratilgan davlat mablag‘lari yuzasidan saylov kunida oraliq hisobotni, saylov natijalari e’lon qilinganidan keyin esa yakuniy hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etadi». Siyosiy partiyalar moliyaviy hisobotlarini tegishli organlarga taqdim etishi hamda saylov kampaniyasi davrida Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishi saylov kampaniyasi davrida siyosiy partiyalar mablag‘lari sarflanishining shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 25-moddasi uchinchi qismiga «Uchastka saylov komissiyasi a’zolarining yarmidan ko‘pi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas, bundan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda hamda boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum qilish joylarida tashkil etilgan uchastka saylov komissiyalari mustasno» degan yangi norma kiritildi. Ushbu kiritilgan yangilikning ahamiyati shundaki, birinchidan, uchastka saylov komissiyasida qabul qilinadigan qarorlarini kollegiallik asosda xolis qabul qabul qilinishini ta’minlaydi, ikkinchidan, uchastka saylov komissiyasi a’zolari tomonidan saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarning shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.
  2. Saylov kodeksi «27-1-modda. Chet davlatlarda turgan fuqarolarni saylovchilar ro‘yxatlariga kiritish» nomli yangi modda bilan to‘ldirildi. Mazkur moddada quyidagi masalalarning huquqiy tartibi belgilandi:

saylovchilar ro‘yxatini tuzish tartibi; chet davlatlarda tuzilgan uchastka saylov komissiyalari fuqarolarni saylovchilarning ro‘yxati bilan tanishish joyi va vaqti to‘g‘risida xabardor qilishi; chet davlatlardagi fuqarolarning saylovchilar ro‘yxatiga kiritish uchun saylovdan 15 kun oldin o‘sha joydagi saylov uchastkasiga yozma shaklda yoki elektron tarzda Tashqi ishlar vazirligi veb-sayti orqali murojaat qilishi; chet davlatlardagi fuqarolarni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish masalasini hal qilish; Tashqi ishlar vazirligiga saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi ma’lumotni taqdim etish; Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga «Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati»ga tuzatishlar uchun taqdim etadi. Shuni ta’kidlash lozimki, mazkur yangi moddada belgilangan qoidalar chet davlatlardagi O‘zbekiston fuqarolarining bo‘lajak Prezident saylovida qatnashish huquqini kafolatlashga xizmat qiladi.

  1. Saylov kodeksining 32-moddasi ikkinchi qism bilan to‘ldirilib, bunda O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar soni haqida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida Markaziy saylov komissiyasi saylov byulletenlarining tayyorlanishi va yetkazib berilishini ta’minlashi bilan bog‘liq masalalarning tartibi belgilandi.
  2. Saylov kodeksining 33-moddasi ikkinchi qismiga kiritilgan yangiliklardan biri sifatida manfaatdor tashkilotlar o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida saylov komissiyalariga ariza bilan saylovdan kamida o‘n kun oldin ariza bilan ma’lum qilish muddati belgilandi. Ilgari mazkur muddat o‘n besh kunni tashkil etgan. Bundan tashqari, kuzatuvchilar harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalariga borishi haqida kamida uch kun oldin uchastka saylov komissiyasini xabardor qilishi kerakligi belgilandi.
  3. Saylov kodeksining 42-moddasiga kiritilgan yangiliklarga asosan nomzod saylovga qadar vafot etgan, saylov huquqidan mahrum bo‘lgan yoxud nomzodlikdan chaqirib olingan taqdirda, nashr etilgan saylov byulletenlaridan ushbu nomzodning familiyasi, ismi va otasining ismi yozilgan satr o‘chiriladi. Muddatidan oldin ovoz berish jarayonida bunday nomzodni yoqlab berilgan ovozlar uchastka saylov komissiyalari tomonidan ovozlarni sanab chiqish chog‘ida haqiqiy emas deb topiladi. Ushbu to‘ldirishning ahamiyati juda muhim bo‘lib, unga ko‘ra, mazkur holatlarda byulletenlarni qaytadan chop etish va ortiqcha sarf-xarajatlar oldi olinadi.
  4. YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining tavsiyalari asosida Saylov kodeksining 44-moddasiga muvofiq, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining, sudyalarning, saylov komissiyalari a’zolarining, diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlandi. Mazkur qoida saylovoldi tashviqotining teng imkoniyatlar va shaffoflik asosida o‘tkazilishiga, siyosiy partiyalarning o‘z imkoniyatlaridan teng foydalanishlariga zamin yaratadi.
  5. YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining tavsiyalari asosida qonun bilan Saylov kodeksidan saylov komissiyalarining nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifasi chiqarib tashlandi. Ya’ni saylovoldi tashviqotini tashkil etish va o‘tkazish bevosita siyosiy partiyalarning ixtiyoriy ishi bo‘lgani sababli, saylov komissiyalarining bu ishga aralashishi ularga xos bo‘lmagan vazifa hisoblanadi (48-moddasining ikkinchi qismiga kiritilgan o‘zgartish).
  6. Saylovchining chet davlatda turgan joyida ovoz berish tartibini belgilovchi 56-1-modda kiritilib, ushbu norma bilan quyidagilar belgilandi: chet davlatlardagi saylovchilarning saylovda muddatidan oldin ovoz berishni turgan joyida o‘tkazishi mumkinligi; turgan joyida ovoz berish vaqti va joyi to‘g‘risida saylovchilar va kuzatuvchilarni OAV orqali xabardor qilish; ko‘chma ovoz berish qutisini ochish, byulletenlarni sanamasdan maxsus qopga joylash, surg‘uchlash va dalolatnoma tuzish hamda saylov kuni sanoq boshlangunga qadar saqlash.
  7. Saylov kodeksining 99-moddasi to‘rtinchi va beshinchi qismlar bilan to‘ldirilib, bunda saylov komissiyalarining a’zolariga saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir xarajatlar smetasida ko‘rsatilgan miqdorda transport, ovqatlanish xarajatlarining va boshqa xarajatlarning o‘rnini qoplash maqsadida kompensatsiya to‘lanishi belgilandi. Shuningdek, saylov komissiyasining doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan a’zolariga, shu jumladan, pensionerlarga mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasiga muvofiq ish haqi to‘lanadi. Mazkur norma muhim ahamiyatga ega bo‘lib, birinchidan, okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolarining mehnatiga haq to‘lash orqali ularning faoliyati moddiy jihatdan rag‘batlantiriladi, ikkinchidan, bo‘lajak saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va demokratik tamoyillar asosida saylov jarayonlarini ochiq va oshkora o‘tkazilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shuni ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar asosida milliy saylov tizimi va qonunchiligi tobora takomillashib bormoqda. Xususan, 2021 yil 31 mayda «O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun mamlakatimizda o‘tkazilgan saylovlar tahlili va YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalari bo‘yicha ishlab chiqilgan.

Ushbu qonun bilan Saylov kodeksining qator moddalariga quyidagi mazmundagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:

– 14-, 20-, 22-, 101- va 102-moddalarida yuqori turuvchi saylov komissiyalarining vakolatlaridan quyi turuvchi saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish chiqarib tashlandi;

– 21-moddada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va sakkiz – o‘n sakkiz nafar komissiya a’zosidan iborat tarkibda tuziladi;

– 31-moddadan saylov byulletenida nomzodning egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish joyi ko‘rsatilishi haqidagi norma chiqarib tashlandi;

– 38-moddada saylovlarda siyosiy partiya yoki nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishda fuqarolar pasport bilan bir qatorda, identifikatsiya kartasi orqali ham shaxsini tasdiqlashi mumkinligi belgilandi;

– 48-moddada saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar ularning o‘tkazilishi joyi va vaqti haqida tuman (shahar) hokimliklari kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda o‘tkazilishi, bunda ushbu ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnoma talab etilmasligi kabi normalar belgilandi.

Saylov qonunchiligiga kiritilgan yangiliklar muhim ahamiyatga ega bo‘lib, birinchidan, saylovchilar, saylov tashkilotchilari, siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari, mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillarining saylovlarda samarali ishtirok etishini ta’minlaydi, ikkinchidan, milliy saylov qonunchiligimizni umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida yanada takomillashtirishga va saylov jarayonlari ishtirokchilarining saylovga oid huquqlarini kafolatlashga xizmat qiladi.

Shuhrat Fayziyev,
Markaziy saylov komissiyasi eksperti,
Toshkent davlat yuridik niversiteti professori,
yuridik fanlar doktori.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring