Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saylov qonunchiligi buzilgani aniqlandi

Saylov qonunchiligi buzilgani aniqlandi

Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Bahrom Qo‘chqorovning ma’lum qilishicha, bir qancha oilaviy (bir kishining o‘rniga oiladan bir kishi) ovoz berish holati kuzatilgan. Bu bo‘yicha ma’lumotlar prokuratura organlariga taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov saylovchilarga murojaat bilan chiqdi:

«Hurmatli saylovchilar!

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kuni o‘tkazilgan monitoring natijalari ba’zi saylov uchastkalarida «oilaviy» ovoz berish holatlari qayd etilganini ko‘rsatmoqda.

Ta’kidlash joizki, ko‘rilgan keng targ‘ibot va tashviqot ishlariga qaramasdan ushbu salbiy amaliyotdan hali-hanuz to‘laqonli voz kecha olmaganimizni ko‘rsatmoqda.

Shuning uchun barcha fuqarolardan «Bir saylovchi – bir ovoz» tamoyiliga qat’iy rioya qilishlarini yana bir bor so‘rab qolamiz.

Markaziy saylov komissiyasi kelgusidagi faoliyatida ham O‘zbekiston saylov amalimyotida «oilaviy ovoz berish» kabi salbiy jihatlarni batamom yo‘q qilish yuzasidan tizimli choralar ko‘rishni davom ettiradi, albatta.

Shuningdek, bir saylovchi tomonidan ikki yoki undan ortiq saylov byulletenlarini saylov qutisiga tashlab yuborish kabi ayrim ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhalarga ham Markaziy saylov komissiyasining e’tibori qaratildi.

Zudlik bilan bunday holatlarga huquqiy baho berish uchun prokuratura idoralariga murojaat qilindi.

Saylov natijalarini qalbakilashtirishga qarshi kurashishning eng samarali yo‘li bu – jamoatchilik nazoratidir».

Ma’lumot o‘rnida, 17:00 ga qadar mamlakatimizdagi jami saylovchilarning 71,8 foizi ovoz berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring