Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saudiya Arabistoni O‘zbekistonga 25 tonna xurmo hadya qildi

Saudiya Arabistoni O‘zbekistonga 25 tonna xurmo hadya qildi

Saudiya Arabistonining Podshoh Salmon nomidagi insonparvarlik yordami markazi O‘zbekistonga beg‘araz ko‘mak sifatida 25 tonna xurmo tuhfa qildi.

Muborak Qurbon hayiti arafasida yo‘llangan hadyani Saudiya Arabistonining yurtimizdagi elchisi Yusuf al-Utaybiy O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulovga topshirdi.

Marosimda Diniy idora raisining iqtisod ishlari bo‘yicha maslahatchisi Alisher Eshimov, «Vaqf» xayriya jamoat fondi rahbari Isoxon Abdullayev, Podshoh Salmon nomidagi insonparvarlik yordami markazi vakillari Adnan Xatim Asiriy va Alaqil Abdulhakim Sa’ad ham qatnashdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondi xabariga ko‘ra, hadya qilingan xurmo jamg‘armaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi filiallari tomonidan ijtimoiy ko‘makka muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nogironligi bor kishilar hamda «Muruvvat» uylari va shifoxonalardagi haqdor yurtdoshlarimizga tarqatiladi.

Saudiya tomonidan dunyo davlatlariga xurmo hadya qilish an’anaga aylangan. O‘tgan yili ham podshohlik mamlakatimizga beg‘araz ko‘mak sifatida katta miqdorda xurmo yetkazib bergan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring