Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sardor Umurzoqov Kobulda «Tolibon» rahbariyati bilan uchrashdi

Sardor Umurzoqov Kobulda «Tolibon» rahbariyati bilan uchrashdi

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Kobul shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston delegatsiyalarining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston tomoniga bosh vazirning o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Afg‘oniston tomoniga esa muvaqqat hukumati rahbarining o‘rinbosari Abdulg‘ani Barodar boshchilik qilgan.

Qayd etilishicha, uchrashuv chog‘ida tomonlar investitsiyalar, savdo, transport va logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida o‘zbek-afg‘on hamkorligining kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashgan.

Afg‘on tomoni mamlakatda xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani tiklash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot bergan.

Termiz—Mozori Sharif—Kobul—Peshavor trans-afg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Tomonlar loyihani hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlarini muhokama qilib, mavjud barcha masalalarni birgalikda hal qilishga tayyor ekanliklarini bildirgan.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston kompaniyalarini infratuzilmani qurish va tiklash, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va tabiiy resurslarni qazib olish bo‘yicha qo‘shma loyihalarda ishtirok etishga jalb qilish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilgan. Yaqin kelajakda o‘zbek—afg‘on savdo-iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha Tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda uni amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga kelishilgan.

Shuningdek, tomonlar yaqin orada o‘zaro savdo hajmini oshirish va ikki davlat hududlari orqali tranzitni ko‘paytirish mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishib olgan.

«Uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari alohida yo‘nalishlar kesimida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdilar va yuzaga kelayotgan masalalarni hal qilishni tezlashtirish maqsadida ikki tomonlama aloqalarni faollashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar», — deyiladi xabarda.

Tadbir yakunida delegatsiyalar rahbarlari muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish ustuvorligini ta’kidlagan va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi tadbirlarni belgilab olgan.

Kobul shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov Afg‘oniston Muvaqqat hukumati rahbari vazifasini bajaruvchi Mulla Mulla Muhammad Hasan Oxund bilan O‘zbekiston-Afg‘oniston hamkorligini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring