Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sankt-Peterburgda O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkaziladi

Sankt-Peterburgda O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkaziladi

Foto: «Xabar.uz»

2018 yil 6 — 8-iyun kunlari O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Madaniyat vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi, «Eriell Group» xalqaro neft sohasida xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyasi, «Zamon press info» nashriyot uyi hamkorligida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida «O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida muloqotga yo‘l» mavzusida II xalqaro kongress bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Ushbu anjumanga jahonning 30 dan ziyod davlatidan 200 dan ortiq olimlar, ekspertlar, diplomatlar, xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etilgan.

Kongress kun tartibi quyidagicha:

— Rossiya Fanlar akademiyasi sharq qo‘lyozmalari instituti, Rossiya etnografiya muzeyi, Buyuk Pyotr nomidagi etnologiya va antropologiya muzeyi (Kunstkamera), Rossiya milliy kutubxonasi, RFA Rus adabiyoti instituti (Pushkin uyi) va Din tarixi davlat muzeyida O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalarni tashkil qilish;

— O‘zbekiston arxeologiyasi, tarixi, kitobat san’ati, numizmatikasi, to‘qimachiligi, xalq amaliy va badiiy san’ati, rassomchiligiga oid ilmiy munozaralar tashkil etish;

— «O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida» turkumidagi kitob-albomlarning navbatdagi beshta jildi («Germaniya muzeylarida O‘zbekiston san’ati», «Din tarixi davlat muzeyi to‘plamlarida O‘zbekiston madaniy merosi» (Sankt-Peterburg), «O‘zbekiston davlat san’at muzeyi to‘plamlarida O‘zbekiston san’ati» (Toshkent); «O‘zbekiston gilamchiligi: asrlarda saqlangan an’analar» (O‘zbekiston, Rossiya, Ispaniya, AQSh, Kanada), XV jild: «Movarounnahr san’ati Davlat ermitaji to‘plamida. II qism») hamda ular asosida suratga olingan 5 ta hujjatli film taqdimotini o‘tkazish;

— 13 jilddan iborat «O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar» kitob-albomi, Buyuk Britaniyada saqlanayotgan Alisher Navoiy qo‘lyozmalari va «Zafarnoma» asari faksimile nusxalarining taqdimotini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, anjuman ishtirokchilari o‘zbek san’ati ustalari ishtirokidagi konsert dasturini tomosha qilib, o‘zbek milliy taomlaridan bahramand bo‘lishlari mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring