Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqanddagi So‘lim qo‘rg‘onida toza havo muammo. Aholini tutun zahridan kim qutqaradi?

Samarqanddagi So‘lim qo‘rg‘onida toza havo muammo. Aholini tutun zahridan kim qutqaradi?

Samarqand shahridagi Kimyogarlar va So‘lim qo‘rg‘onlari aholisi bir necha yildan buyon zaharli tutundan «bahra olib» yashamoqda. Ya’ni, ular So‘lim qo‘rg‘onchasidagi qariyb 70 gektardan ortiq chiqindi poligonida sodir bo‘layotgan «yong‘in» tutunidan aziyat chekishmoqda. Bu haqda O‘zLiDeP Camarqand viloyati kengashi matbuot kotibi Baxtigul Qarshiyeva ma’lum qilgan.

— Umuman nafas olib bo‘lmaydi, — deydi Shukrona mahallasi fuqarosi Mamura Qalandarova. — Derazalarimizni yopsak ham ichkariga kiradi. Kechasi ko‘chaga yoygan kirlarimizga tutun hidi urib qoladi.

Tibbiyot mutaxassislarining fikricha, maishiy chiqindilar, sintetik moddalar tutuni o‘pka saratoni, turli o‘sma kasalliklari hamda yurak-qon tizimi xastaliklarining avj olishiga sabab bo‘ladi.

Ushbu muammo yuzasidan aholi oxirgi 5 yil ichida tashkilotlarga o‘nlab marotaba murojaat qilishgan. 2017-yilning iyun oyida Nurafshon mahallasi fuqarosi Sayyora Ishnazarova va yuzdan ortiq fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga xat yozishgan. Samarqand shahri hokimligi ushbu murojaatga chiqindixona yonmagani va badbo‘y hid Pastdarg‘om tumani hududidagi cho‘chqaxona atrofida uyulib qolgan chiqindilardan kelayotganini ro‘kach qilishgan.

2017-yilning avgust oyida Madaniyat mahallasi fuqarosi X.Xushmirovning murojaatiga viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasidan «hid hududda faoliyat ko‘rsatayotgan asfalt zavodidan kelayotganligi» sabab qilib ko‘rsatilgan.

Xalq deputatlari Samarqand shahar kengashi deputati Hakim Jo‘rayev tomonidan muammo yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga 10 dan ortiq so‘rovnomalar chiqarilgan, shahar hokimligining «Samarqand» gazetasida ham anchagina maqolalar chop etilsa-da, muammo hal etilmagan.

2018-yilning avgust oyida viloyat xokimi Erkinjon Turdimov shaharchada o‘tkazgan sayyor qabulda yana shu ekologik muammo ko‘tarildi. Shundan so‘ng So‘lim qo‘rg‘onidagi chiqindixona Samarqand shahar «Maroqand obod» DUKga biriktirilib, texnikalar ajratildi. Yong‘in sodir bo‘layotgan hududlar tuproq bilan yopildi. O‘tgan davr mobaynida mazkur hududning katta qismi devor bilan o‘raldi. Fuqarolar qariyb 1 yil ushbu ekologik muammodan xalos bo‘lishgan.

Yaqinda hududni yana badbo‘y tutun qoplay boshladi. Mazkur muammo yuzasidan joriy yilning 15 sentyabr kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi ishonch telefoniga murojaat qilishga to‘g‘ri keldi. Mazkur murojaat bo‘yicha tashkilotning Samarqand shahar bo‘limi inspektorlari kelib, muammoni nazoratga olishini, ammo jarimaga tortishdan boshqa vakolati yo‘qligini aytishdi. Afsuski, bugun ham hududni tutun qoplash davom etmoqda, — deb yozadi Baxtigul Qarshiyeva.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring