Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandda «Zukko bolajon!» fotoalbomi taqdimoti o‘tkazildi

Samarqandda «Zukko bolajon!» fotoalbomi taqdimoti o‘tkazildi

Bugun «Yangi O‘zbekiston – inson qadri ulug‘langan yurt» shiori ostida Samarqand viloyatida o‘tkazilayotgan «Ma’naviyat festivali» doirasida Samarqand shahridagi 36-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida «Zukko Bolajon» fotoalbomi taqdimotiga bag‘ishlangan badiiy-musiqali bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirni Prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Nodirjon Xolbo‘tayev ochib berdi:

Ma’naviy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, o‘zgarishlarni eng quyi bosqichdan – maktabgacha ta’lim tashkilotidan boshlasakkina kutilgan natijaga erisha olamiz. Zero davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda «Har bir bola – bamisoli o‘sib, kuchga to‘layotgan, parvarishga muhtoj nozik bir nihol. Binobarin, uni hech qachon mehr va e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi», — deya ta’kidladi Nodirjon Xolbo‘tayev.

Shuningdek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vazirligi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida tayyorlangan «Zukko Bolajon!» fotoalbomi ertamiz egalarining ma’naviy kamol topishida muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.

Madaniy-ma’rifiy tadbirda falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash instituti professori Zuxra Ismoilova, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Sayyora Tuychiyeva so‘zga chiqib, Yangi O‘zbekistonning baxtli bolalariga o‘zinig samimiy tilaklarini bildirdi. Ular bugungi kunda mamlakatimizda farzandlarimiz manfaatlarini himoya qilish, ularning jahon andozalariga muvofiq bilim olishi uchun yaratilayotgan shart-sharotlar haqida alohida to‘xtalib o‘tishdi.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbir davomida «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati raisi Baxtiyor Xusanov Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan poytaxtimizdagi 482-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti «Zukko Bolajon!» fotoalbomida aks etgan fotosuratlar asosida namunaviy tarzda bezatilib, «Ma’naviyat burchagi» tashkil etilgani, bu bolajonlar hamda soha mutaxassislari tomonidan iliq kutib olinganini alohida ta’kidladi.
Mazkur jarayonda bolalarni ma’naviy olamini boyitish, ularda milliy an’analarga qiziqish uyg‘otish, sharqona tarbiyaning nodir va nozik jihatlariga alohida e’tibor qaratilganini bildirdi. Shuningdek, «Zukko Bolajon!» fotoalbomini 36-sonli maktabgacha ta’lim muassasasiga hadya etib, jamiyat bolajonlarning ma’naviy olamini yanada boyitishga xizmat qiladigan loyihalarni hayotga tatbiq etishda davom etishini bildirdi.

Maktabgacha ta’lim vaziri maslahatchisi Kamola Risqulova esa «Zukko Bolajon!» fotoalbomi va devoriy lavhalar katta sovg‘a bo‘lganini, bu kabi loyihalar faqatgina farzandlarimiz manfaati uchun xizmat qilishini ta’kidladi.

Shundan so‘ng sahnaga bolajonlar taklif etildi, ular baxtli bolalikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar hamda «Samarqand qizlari», «Andijon polkasi» nomli sho‘x raqslar bilan ishtirokchilar kayfiyatini yanada ko‘tardi.

Shuningdek, tadbir davomida soha xodimlari uchun sho‘balarga bo‘lingan holda bola tarbiyasi hamda uning ma’naviy kamoloti xususida seminar-trening o‘tkazildi. Seminarni iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Obiddin Mahmudov, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Javdat Po‘latovlar olib bordi.

«Zukko Bolajon!» loyihasi doirasida fotoko‘rgazma hamda Samarqand qo‘g‘irchoq teatri tomonidan tomoshalari namoyish etildi. Kulolchilikka qiziqishi bo‘lgan bolalar uchun ajoyib darslar tashkil qilindi.

«Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati Axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring