Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqand vokzali atrofida ko‘p qavatli uylar quriladi

Samarqand vokzali atrofida ko‘p qavatli uylar quriladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyat faollar yig‘ilishida aholini yangi uy joylar bilan ta’minlash rejasi haqida ma’lumot berdi.

— Bizda yangi shahar qurish tajribasi bor. Andijonda odam ko‘p, shu sababli shahar yaqinida butkul boshqa shahar qurish bo‘yicha ish olib boryapmiz. Samarqandda ham shu tashabbusni amalga oshiramiz.

Samarqand shahar aholisini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini davom ettirib, shaharning Qorasuv, Shirin va vokzal orti hududlarida «renovatsiya» tamoyili asosida zamonaviy turar-joylar barpo etiladi.

Xususan, joriy yilda Qorasuv massivida 3 ming 500 ta xonadonli 29 ta 16 va 25 qavatli uylar foydalanishga topshiriladi.

Vokzal orti hududidagi 3 mingga yaqin eski hovlilar o‘rnida, 100 mingdan ortiq aholi uchun ko‘p qavatli zamonaviy uylar quriladi. Bu o‘rinda eski hovlilarda yashayotgan aholi xavotir olishiga hech qanday asos bo‘lmasligi kerak. Hammaga kompensatsiya to‘lanadi,  uy joy egalari rozi qilinadi.

Shirin massivida 90 ming nafar aholiga mo‘ljallangan shaharchani barpo etish orqali, parklar va dam olish maskanlarini qurish ishlari boshlanadi.

Jamshid Qo‘chqorov, Temur Ishmetov mazkur uy-joylar qurilishini boshlash uchun viloyat hokimligiga 2 yil muddatga 200 milliard so‘m ssuda mablag‘larini ajratsin, — dedi davlat rahbari.

Shuningdek Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrini 1 million aholi yashaydigan yirik shaharga aylantirish uchun Samarqand, Pastdarg‘om, Tayloq va Oqdaryo tumanlari hududidan 18 ming gektar yer maydonini qo‘shib berish va viloyat ma’muriy markazini Gulobod qo‘rg‘oniga ko‘chirish bo‘yicha Samarqand faollarining takliflarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring