Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandda Markaziyo Osiyodagi yagona Smart-muzey ochildi

Samarqandda Markaziyo Osiyodagi yagona Smart-muzey ochildi

Markaziy Osiyodagi ilk Smart-muzey Samarqanddagi Amir Temur maqbarasida ochildi. Unda eksponatlar haqida ma’lumotni audiogid yordamida bilish mumkin bo‘ladi. Ayni paytda u o‘zbek, rus, ingliz, fransuz va koreys tillarida ma’lumot taqdim etadi.

Loyiha Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan amalga oshirildi. Joriy yilning yanvar oyida mamlakatimiz rahbarining Samarqandga tashrifi davomida mazkur tizim taqdim etilgan bo‘lib, Sh.Mirziyoyev uni mamlakatimizning barcha yirik tarixiy obidalarida joriy qilishni taklif qildi.

 

Loyiha 2018-yilda Innovatsion rivojlanish vazirligi, Madaniyat vazirligi, Turizm davlat qo‘mitasi va «SmartChain» MChJ o‘rtasida imzolangan to‘rt tomonlama memorandum doirasida amalga oshirildi.

Muzeyga tashrif buyuruvchilar zamonaviy interaktiv vositalar yordamida eksponat yoki maqbara haqida qo‘shimcha ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Texnik imkoniyatlar yordamida o‘tmishga “sayohat qilish” yoki tarixiy sahnalarni gavdalantirish mumkin. Muzeydagi maxsus belgi mavjud bo‘lgan eksponatlarga smartfonni yaqinlashtirib, u haqidagi hikoyani tinglash mumkin. Shuningdek tarixiy muhitga sho‘ng‘ish uchun tarixiy xronikalardan iborat videolavhalar yaratilgan.

Nazzar – innovatsion ilova bo‘lib, istalgan materialni to‘ldirilgan reallik elementlari bilan boyitishi mumkin. Smartfoningizni NazzAR belgisiga yo‘naltirarkansiz, mobil qurilma ekranida real ob’yektning tasviri chiqib, u turli effektlar bilan to‘ldirilgan bo‘ladi. Foydalanuvchi o‘z smartfoniga Android va iOS qurilmalari uchun ishlab chiqilgan NazzAR ilovasini o‘rnatishi lozim.

Ziyoratchilar uchun Amir Temur majmuasining interfaol xaritasi yaratilib, u oddiy xaritaga qaraganda interfaol imkoniyatlarga ega. Xususan, smartfonni xaritaning ma’lum qismlariga qaratganda uning ekranida yodgorlikning 3D modeli gavdalanadi. Shunday qilib, xarita muzey bo‘ylab ajoyib sayohatning bir qismiga aylanadi.

Yaqin kelajakda huddi shunday muzey Xivada ham ochilishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring