Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandda hokim almashgani rostmi?

Samarqandda hokim almashgani rostmi?

Foto: «Xabar.uz»

Kecha, 11-iyul kuni qator internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati hokimi va uning ikki o‘rinbosari, shahar hokimi va uning qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari ishdan  ketgani va hatto hibsga olingani haqida ma’lumotlar tarqaldi.

Samarqand shahridagi qurilish ishlariga yer ajratilishi, aniqrog‘i, hokimiyat rahbariyati pora evaziga qurilish kompaniyalarining qurilish qilishiga ruxsat berayotgani sabab bunday choralar ko‘rilgani ma’lum qilindi. Hatto shahar markazida turar-joy majmuasini qurayotgan shirkatlarning mutasaddilari mamlakatdan qochib chiqib ketgani aytildi. Albatta, bu xabarlar rasman tasdiqlanmadi.

«Daryo» nashri olib borgan surishtiruvlariga ko‘ra, hokim va uning o‘rinbosarlari qo‘lga olingani haqidagi xabarlar o‘z tasdig‘ini topmagan.

Samarqand shahar hokimligi matbuot xizmati ham hokim va uning o‘rinbosarlari qo‘lga olinganini rad etgan. Xabarlarda hibsga olingani aytilgan Samarqand shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bobur Elmurodov «Daryo» muxbiri bilan uchrashgan. Elmurodov o‘z ishini davom ettirayotgani va fuqarolarni qabul qilayotgani aytiladi.

Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati ham hokim va uning o‘rinbosarlari qo‘lga olingani bo‘yicha hech qanday ma’lumot kelib tushmaganini ta’kidlagan.

Samarqand shahri hokimi va uning o‘rinbosarlari qamalgani haqidagi xabarni birinchi bo‘lib chop etgan nashr esa ushbu yangilikni saytdan o‘chirib tashlagan.

Ammo bugun, 12-iyul kuni navbatdagi xabarlar tarqaldi. Aytishlaricha, Surxondaryo viloyati hokimi Samarqand viloyatiga, Surxondaryo viloyatiga Toshkent viloyati prokurori hokim etib tayinlangan. Bu xabarlar ham hali rasman tasdig‘ini topgani yo‘q.

Voqealar rivojini kuzatishda va ma’lumotlarni aniqlashtirishda davom etamiz. Bizni kuzatib boring.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring