Samarqandda 1,5 yoshli qizcha 10-qavatdan tushib ketdi
9 iyun kuni soat 18:00 larda Samarqandda 1,5 yoshli qizaloq 10-qavatdagi xonadon balkonidan pastga tushib ketgan va voqea joyida vafot etgan. Bu haqda Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar bergan.
Voqea Samarqand shahri Qorasuv massivida sodir bo‘lgan. Balkonning eshigi ochiq bo‘lgan va qizaloq tashqariga chiqib, temir panjara orasidan pastga yiqilib tushgan.
Voqea joyiga Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi boshlig‘i, Samarqand shahar prokurori o‘rinbosari, shahar prokuraturasi tergovchisi boshchiligida tezkor-tergov guruhi tuzilib, joy va bolaning murdasi ko‘zdan kechirilgan.
Marhuma Sh.S.ning tanasidagi tan jarohatlari va o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertiza tayinlash qarori chiqarilgan. Biroq, marhumaning oila a’zolari ushbu holat yuzasidan biror kimdan da’vo shikoyatlari yo‘qligi sababli ekspertiza tekshiruvi o‘tkazishni rad etgan, deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida 2 yoshli chaqaloq 11-qavatdan tushib ketgan va voqea joyida halok bo‘lgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter