Sadoqat Kaziyeva: «Applye»ning eshiklari men uchun hamisha ochiq! (VIDEO)
Sadoqat Kaziyeva 1987-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan.
Biznes menejment bo‘yicha Angliyada tahsil olgan.
Sommunication Studies Studies Program bo‘yicha qo‘shimcha ta’limni Amerikada olgan.
Texnologiya olamiga 2013-yilda kirib kelib, HP/Recruiting bo‘yicha Kaliforniyadagi kompaniyada faoliyat yuritgan.
2016-yilda Samsung kompaniyasiga HR/Recruiting bo‘limiga ishga kirgan.
2018-yilda esa Apple kompaniyasida ish faoliyatini davom ettirgan.
Hozirgi kunda Fastech kompaniyasi bilan UX/UI dizayner va maslahatchi sifatida hamkorlik qiladi.
Shuningdek, bugungi kunda Women and Tech.uz jamiyatining asoschisi.
Kelajakdagi rejalari: Xotin-qizlarga mentorlik qilish va UX/UI dizaynerlik kursini ochish.
Qiz bola o‘qib, dunyoni olib beradimi…?
Oramizda qiz bola o‘qib olim bo‘larmidi, deb fikrlaydiganlar hali ham bor afsuski.
Ammo bu fikrni yoqlamayman, chunki bugungi kunda o‘zim ham onaman va aynan o‘zim ham ayol kishi bo‘lishimga qaramasdan bugungi kunda UX/UI dizayner sifatida faoliyat yuritaman. Menimcha, «bu ish qiz bolaniki, bu ish o‘g‘il bolaniki» deb ajratish noto‘g‘ri. Agar ayol kishi men bu narsaga qodirman, uddalay olaman deb, hayotdagi balansini ushlay olsa, hamma narsani bajara oladi, chunki har bir insonning o‘ziga yarasha qobiliyati bor.
Bugungi kunda biz qizlarni faqat yaxshi kelin bo‘lish uchun tarbiyalab, ularni katta hayotdan, turmushga chiqishdan, farzandli bo‘lishdan bezdirib qo‘ymoqdamiz.
Shaxsan o‘zimdan qiyos qiladigan bo‘lsak, 16 yoshimda ota-onam meni Angliyaga o‘qishga yuborishgan. Buning uchun albatta bugun ularga katta minnatdorchilik bildiraman. Keyinchalik xorijda o‘qishga kirdim, ishga joylashdim, turmush o‘rtog‘im bilan ham chet elda tanishganmiz. Ular ham xuddi men kabi til o‘rganish uchun xorijga etib, o‘sha yerda IT bo‘yicha o‘z faoliyatlarini davom ettirayotgan bo‘lganlar. Turmush o‘rtog‘im bilan sohamiz bir bo‘lganligi sabablimi, oilada ham ishda ham bir-birimizni tushunib, qo‘llab-quvvatlab yashashimiz oson bo‘lgan.
To‘g‘ri, menda hammasi zo‘r bo‘lgan, hammasi oson bo‘lgan deya olmayman. Menni ham ayrim muammolar, vatan sog‘inchi, ota-ona sog‘inchi qiynagan.
Ammo bu qiyinchiliklar meni kuchli qilishiga va kelgusida o‘z maqsadlarimga erishishimga debocha bo‘lishiga ishonganman.
«Samsung» kompaniyasidagi faoliyat…
2013 yilda Kaliforniyada texnologiya sohasidagi ilk ishimni boshlaganman. 2015 yildan so‘ng Kaliforniyadan Ostonga ko‘chib ketganimizdan keyin «Samsung»ga ishga kirganman. «Samsung»da ish jarayoni juda qiziqarli, u yerda 85 foiz koreyaliklar ishlashar edi. Urf-odat va madaniyat ham aynan ularga xos edi. Bu yerda ishlab, o‘zimga juda ko‘p narsa oldim, rivojlandim. Ammo IT bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lish va yanada o‘sish istagi menga tinchlik bermas edi. Bu maqsadimga esa aynan «Samsung» kompaniyasining o‘zida erisha olmasligimni tushunib yetdim.
«Applye»ga kirib kelishim…
Men har kuni «Samsung» kompaniyasiga ishga ketar ekanman, «Applye» kompaniyasining yonidan o‘tardim. Uyimga ishxonamga nisbatan ancha yaqin bo‘lishiga qaramasdan bu yerda ishlashni avval hech ham o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Bir kuni ishga ketayotib, svetoforda turganimda, birdan ichimda «Applye» kompaniyasida ishlab ko‘rish fikri paydo bo‘ldi. Uyga kelgach, «Applye» kompaniyasidan ish topishga harakat qilib ko‘rdim va shartnoma asosida ishga kirdim.
«Apple»dan nima sababdan ketdim…?
Ushbu kompaniyada uch yil davomida faoliyat yuritdim. Ammo shaxsiy hayotimizdagi ayrim o‘zgarishlar, farzandlarimizni o‘zimiz tug‘ilib, o‘sgan ona yurtimizga olib kelish va milliy urf-odatlarimiz ruhida tarbiyalash istagi sabab «Applye»ni tark etishga majbur bo‘ldim. U yerda yana ishlagan bo‘larmidingiz degan savolga, men bajonidil «ha» deb javob bergan bo‘lardim, o‘ylaymanki «Applye»ning ham eshiklari men uchun hamisha ochiq.
O‘zbekistondagi hozirgi faoliyatim…
O‘zbekistonga kelib ko‘rdimki, bu yerdagi yoshlar ham xorijdagi yoshlardan hech ham qolishmas ekan. Hozirda men UX/UI dizayner sifatidagi faoliyatimni O‘zbekistonda ham davom ettirmoqdaman va bu yerdagi yoshlarga ham ish jarayonida o‘z bilimlarimni o‘rgatib kelmoqdaman.
Ko‘p pul topish uchun ITni tanlash…
Pul topish uchun karerani tanlash bu juda noto‘g‘ri deb hisoblayman. To‘g‘ri, pul motivatsiya berishi mumkin, ammo sizda qilayotgan ishingizga nisbatan xohish bo‘lmasa, bu ishda muvaffaqiyatga erisha olmaysiz.
IT mutaxassisi bo‘lish uchun oliy ma’lumot va diplom kerakmi?
IT sohasi insondan doimiy ravishda o‘z ustida ishlashni talab qiladi. Bu sohada 4 yil o‘qidim yoki qaysidir oylik o‘quv kursini tamomladim, bo‘ldi emas, doimiy ravishda izlanishda bo‘lish kerak. Shaxsan o‘zim ham hozirda hattoki yutube orqali bugungi kundagi sohaga oid yangiliklar bilan tanishib boraman.
IT sohasining ayollarga qulay taraflari…
IT sohasi faqat erkaklar uchun degan narsa yo‘q aslida. Bugungi kunda ishlayman, o‘qiyman, o‘rganaman deganlar uchun barcha imkoniyatlar, shart-sharoitlar mavjud. Biror muassasaga borib o‘qishga sharoiti bo‘lmaganlar uchun onlayn ta’lim olishga ham imkoniyat yetarli.
Turmushga chiqib, farzandli bo‘lgan ayollar uchun ham IT sohasida imkoniyatlar talaygina. Oila tashvishlari IT sohasida faoliyat yuritish uchun to‘siq bo‘la olmaydi. Chunki uy sharoitida ham, bo‘sh vaqtida masofadan turib, ish faoliyatini olib borishi mumkin. Buning uchun albatta sizga internet va noutbuk yoki kompyuter kerak bo‘ladi.
Mijozlar bilan aloqaga chiqish yoki xodimlar bilan majlis qilish uchun ham hozirgi kunda zoom platformalari ham mavjud. Shu taraflama IT sohasi boshqa sohalarga qaraganda ayollar uchun juda qulay hisoblanadi.
E’zoza Turg‘unova suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter