Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ruslanbek Davletov Jahon banki mutasaddilari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi

Ruslanbek Davletov Jahon banki mutasaddilari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi

Joriy yilning 6-oktyabr kuni  O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R. Davletov va Jahon bankining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari M. Mantonavelli videokonferensaloqa formatida ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qildi.

Onlayn uchrashuvda, shuningdek, Jahon bankining Vashingtondagi bosh ofisi vakillari ham ishtirok etdi.

Adliya vaziri R. Davletov muloqot ishtirokchilariga vazirlik faoliyati, uning O‘zbekistondagi huquqiy islohotlarni amalga oshirishdagi roli, shuningdek mamlakatimizda nafaqat fuqarolar, balki biznes uchun ham qulay sharoit yaratishning ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.   Xususan,  hozirgi vaqtda «tartibga solish gilotinasi» mexanizmdan foydalangan holda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi qonun hujjatlarni maqbullashtirish, mamlakatimizning qator siyosiy-huquqiy reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash, aholining muhtoj qatlamlariga bepul yuridik yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, mediatsiya institutini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi. U mazkur yo‘nalishlardagi loyihalarni amalga oshirishda Jahon banki bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim ekanini qayd etdi.

O‘z navbatida M. Mantonavelli O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami va samaradorligiga yuksak baho berib, hamkorlik qilishga va Adliya vazirligining mamlakatimizdagi o‘zgarishlarni ilgari surish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.  

Jahon bankining davlat sektori bo‘yicha mutaxassisi Xalid Malik Adliya vazirligi tashabbusi «tartibga solish gilotinasi» mexanizmiga doir ilg‘or dunyo tajribasidan normativ hujjatlarni maqbullashtirishda foydalanish muhim ekanini alohida e’tirof etar ekan, mazkur yo‘nalishda hamkorlik qilish masalasini ko‘rib chiqishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha hozirgi vaqtda Jahon banki tomonidan ishlab chiqilayotgan keyingi 5 yilga mo‘ljallangan O‘zbekiston uchun hamkorlik dasturi («The Country Partnership Framework for Uzbekistan») doirasida Adliya vazirligi va Jahon bankining hamkorlikdagi loyihalarini muhokama qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring