Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ro‘zadorlik odobi

Ro‘zadorlik odobi

Ro‘za va uning salomatlik, xulq va odobga ta’siri borasida ilmiy tasdiqlangan ma’lumotlarni keltirishda davom etamiz.

Tahlillarga ko‘ra, ro‘zadorlik vaqtidagi muntazam, ammo jiddiy kuch sarflanmagan harakat va ochlik sog‘liqni tiklashga va mustahkamlashga ikki karra hissa qo‘shadi. Harakat qilmasdan vaqtni faqat yotib o‘tkazish esa sekin-asta yurakning kam urishi va organizmning shunga ko‘nikib qolishiga, holsizlanish holatlariga olib keladi.

Sutkasiga kamida 7 soat uxlab olish kerak, lekin kunduzi uxlashga sharoitingiz bo‘lsa, bu uyquni kamida ikkiga ko‘paytirib, hisob-kitob qilish tavsiya etiladi. Zero, kunduzgi 1.5–2 soatlik uyqu tungi 4–5 soatning o‘rnini bosadi, buning sababi bizni oshqozonimiz toza holatda ekanligidadir.

Saharlikda me’yoridan ortiq va tartibsiz ovqatlanish o‘ta noto‘g‘ridir. Bu oshqozonda muammolar keltirib chiqaradi hamda kun davomida och va chanqab yurishga sabab bo‘lishi mumkin. Ortiqcha vaznga ega odamlar saharlikda nomiga mevalardan yeb olib, suvdan to‘yib olishsa, shuning o‘zi kun davomida yengil yurishlariga yetarlidir.

Saharlikda yaxshi ovqatlanib turib shartta cho‘zilib yotish judayam zararli. Bu holat oshqozon-ichaklarimizning ish faoliyatini buzib, kun davomida behol yurish yoki shu bilan oshqozonda muammolar keltirib chiqarib, qiynalib qolishimizga sabab bo‘lishi mumkin. Kamida saharlikdan 2 soat o‘tkazib keyin uxlash tavsiya qilinadi.

Og‘iz ochganda yaxdek ichimlik bilan chanqoqni bosish zararli. Kun davomida oshqozon va ichki a’zolar o‘zini o‘zi davolash bilan band bo‘ladi va ichki harorat issiq turgan paytda muzdek ichimlikni ichish bu xuddi qizib turgan yog‘ga suv sachratishdek gap. Bu nafaqat ro‘zaning shifobaxshlik xususiyatini pasaytiradi, balki iftorlikda yeyilgan ovqatning tez hazm bo‘lishiga ham to‘sqinlik qiladi.

Og‘iz ochgan paytda juda ham ko‘p suv ichish ham ishtahani bo‘g‘ib qo‘yadi. Natijada, yaxshi ovqatlanolmay qolasiz yoki majburan ovqatlanish natijasida ertalabgacha yegan narsangiz hazm bo‘lmasdan qiynalib yurasiz.

Ovqat payti meva, shirinliklar, tort, shokolad, gazlangan ichimliklar qo‘shib iste’mol qilish mumkin emas. Bular birga aralashsa, hazm jarayonini sekinlashtirib, ro‘zadorni qiynab qo‘yadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring