Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyaning yangi qanotli raketalari AQShni tashvishlantirmoqda

Rossiyaning yangi qanotli raketalari AQShni tashvishlantirmoqda

General Lori Robinson.

Foto: «TASS»

Qo‘shma Shtatlar Rossiya tomonidan ishlab chiqilgan yangi qanotli raketalardan tashvishlanmoqda. Bu haqda AQSh Qurolli kuchlarining Shimoliy qo‘mondonligi boshlig‘i Lori Robinson ma’lum qilgan, deya xabar bermoqda TASS.

«Rossiya ishlab chiqargan yangi qanotli raketalar biz oldin ko‘rgan raketalardan ko‘ra uzoqroq masofadagi nuqtalarga zarba bera oladi, — dedi u AQSh Kongressi Senatining qurolli kuchlar qo‘mitasining yig‘ilishida. — Bunday tizimlar Shimoliy Amerika uchun xavf tug‘diradi».

«Bunday takomillashtirilgan qanotli raketalardan himoyalanish uchun radar va mudofaa tizimlarini rivojlantirishga mablag‘ sarflashni davom ettirish kerak», — dedi Robinson va Rossiya qanotli raketalari xavfini bartaraf etish uchun mamlakatning shimoliy qismidagi raketadan mudofaalanish tizimining tarkibiy qismlarini «raketa hujumini juda erta aniqlovchi radiolokatsion stansiyalar» orqali mustahkamlash lozimligini qo‘shimcha qildi.

Generalning aytishicha, Rossiya strategik bombardimonchilari va suvosti kemalarini modernizatsiya qilishni davom etmoqda. «Rossiyaning modernizatsiya qilingan suvosti floti ko‘p yillar mobaynida mamlakatimizga xavf solishi mumkin. Biz esa (Shimoliy qo‘mondonlik) bunga munosabat bildirishimiz kerak», — dedi u.

Robinson ayni paytda AQSh-Kanada Birlashgan Shimoliy Amerika aerokosmik mudofaa qo‘mondonligi(NORAD)ni ham boshqarmoqda. Shimoliy qo‘mondonlik va NORAD shtab-kvartirasi Piterson aviabazasida (Kolorado) joylashgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring