Rossiyadan koronavirus yuqtirib kelgan uch kishi tuzaldi
Xorazm viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida yana uch nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor butunlay sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.
Tuzalganlarning barchasi charter reys orqali Rossiyadan Xorazmga olib kelingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Ularning uchchalasi ham erkak bo‘lib, Buxoro, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatidan.
61, 47 va 29 yoshli bemorlarimiz viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida shifokorlar tomonidan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida olib borilgan to‘g‘ri davolash muolajalar tufayli darddan to‘liq forig‘ bo‘lishdi.
Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan shu paytga qadar 3 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 6 nafarga yetdi.
Hozirga qadar mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butkul sog‘ayganlar 164 nafarni tashkil etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter