Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyada yo‘lovchi poyezdi izidan chiqib ketdi

Rossiyada yo‘lovchi poyezdi izidan chiqib ketdi

Poyezd vagonlarining relsdan chiqib ketishiga uning yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgan. O‘nlab odamlar, jumladan, yuk mashinasi haydovchisi jarohatlangan, ular kasalxonaga yotqizilgan.

Volgograd viloyatida Qozon-Adler yo‘lovchi poyezdining to‘qqiz vagoni relsdan chiqib ketdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, poyezd halokatiga relsga chiqib ketgan yuk mashinasi bilan to‘qnashuv sabab bo‘lgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 140 dan ziyod odam jarohat olgan. O‘n besh kishi, jumladan, uch bola kasalxonaga yotqizilgan.

«Rossiya temir yo‘llari» yuk mashinasi haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani ma’lum qilgan.

«Lokomotiv brigadasi ko‘rsatmalarga muvofiq ushbu holat yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘rdi. Poyezd haydovchisi shoshilinch tormozni qo‘llagan, biroq masofa qisqa bo‘lgani uchun to‘qnashuvning oldini olishning iloji bo‘lmagan. Poyezd tezligi 65 km/soat bo‘lgan», — deyiladi kompaniya xabarida.

Ichki ishlar vazirligi rasmiy vakilining aytishicha, yuk mashinasi haydovchisi kasalxonaga yotqizilgan.

Voqea joyida Favqulodda vaziyatlar vazirligining 300 dan ortiq mutaxassislari va 100 dan ortiq texnika vositalari ishlamoqda.

Volgograd gubernatori Andrey Bocharovning aytishicha, poyezdning 20 vagonidan to‘qqiztasi relsdan chiqib ketgan. Poyezdda jami 812 kishi bo‘lgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining vertolyotlari va tez tibbiy yordam samolyotlari tayyor holatga keltirilgan.

Tergov qo‘mitasi u holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring