Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha o‘z shartini aytdi

Rossiya Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha o‘z shartini aytdi

Tinchlik o‘rnatilishi uchun Ukraina Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortishi kerak, — dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin.

«Adolatli va mustahkam tinchlikka erishish uchun Ukraina 1990 yilda o‘z davlat suvereniteti to‘g‘risidagi deklaratsiyada qayd etilgan neytrallik maqomiga qaytishi, NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishdan bosh tortishi kerak», deydi u.

Rossiya Ukraina kuchlari harbiy harakatlarni to‘xtatsa va G‘arb qurol-yarog‘ yetkazib berishni bas qilsagina kelishuvga erishish mumkin, qayd etadi Galuzin.

2014 yilda Qrim, 2022 yil kuzida Xerson va Zaporoje viloyatlari, shuningdek, Donetsk va Lugansk hududi Rossiya tarkibiga qo‘shib olindi. Kiyev bu hududlarni bosib olingan deb hisoblaydi. Biroq Ukraina «yangi hududiy voqeliklarni tan olishi kerak» deya shart qo‘yadi Rossiya amaldori.

Shuningdek, mojaroni hal qilish uchun Donbass aholisini himoya qilishni ta’minlash, Ukrainani «demilitarizatsiya va denatsifikatsiya» qilishga erishish va Rossiya xavfsizligiga ushbu mamlakat hududidan kelayotgan tahdidlarni bartaraf etish zarur, — dedi Galuzin.

«Kelishuvning yana bir muhim jihati, — deydi u, — rusiyzabon fuqarolar va milliy ozchilik huquqlarini himoya qilishdir. Mamlakatda tinchlikka erishish uchun rus tilining davlat maqomini qonunchilik darajasida mustahkamlash zarur».

Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy «Rossiya har qancha zo‘r berib urinmasin, mag‘lubiyatga uchrashi muqarrardir. Agressor na Qrim va na Ukrainaning boshqa qismiga egalik qila oladi» deya bayonot bergandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring