Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya shu yil yozda Belarusda «nimanidir tayyorlamoqda» – Zelenskiy

Rossiya shu yil yozda Belarusda «nimanidir tayyorlamoqda» – Zelenskiy

Vladimir Zelenskiy Rossiya Belarusdagi harbiy mashg‘ulotlar niqobi ostida, tafsilotlarni oshkor qilmasdan, «biron narsa tayyorlayotgani»ni iddao qildi. Bu haqda Ukraina rahbari onlayn tarzda Varshavada bo‘lib o‘tgan «Uch dengiz tashabbusi» sammitida ta’kidlab o‘tgan.

«Odatda yangi hujumlar shunday boshlanadi. Qanday bo‘ladi – bilmadim. Ukraina? Litva? Polsha? Xudo ko‘rsatmasin! Lekin hammamiz tayyor bo‘lishimiz kerak. Hamkorlik uchun barcha tuzilmalarimiz ochiq»,  – deya qo‘shimcha qildi u.

U, shuningdek, G‘arb yetakchilarini Putinni Ukrainada uzoq muddatli otashkesimga rozi bo‘lishga majburlash uchun Kremlga bosimni kuchaytirishga chaqirdi.

«Biz hammamiz bu urush adolatli, xususan, Ukraina o‘z yerlarining bir qarichini ham yo‘qotmasdan hamda Putin uchun hech qanday mukofotlarsiz yakunlanishini xohlaymiz», – deydi Zelenskiy.

Boltiqbo‘yi, Qora va Adriatik dengizlari yaqinida joylashgan Yevropa Ittifoqining 12 davlatini birlashtirgan «Uch dengiz» yubiley sammitidan so‘ng ishtirokchi davlatlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qoralab, qo‘shma bayonot qabul qildi. Davlat rahbarlari, shuningdek, Ukraina va Moldovaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini tezlashtirishga chaqirdi.

Ma’lumot uchun, yil boshida Moskva va Minsk sentyabr oyida qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishini ma’lum qilgan edi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, bu tadbirga 100 minggacha harbiy xizmatchilar jalb qilinishi mumkin.

Bunga javoban Polsha Mudofaa vazirligi Varshava NATO bilan birgalikda keng ko‘lamli mashg‘ulotlar o‘tkazish niyatida ekanligini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, Germaniyaning Gamburg shahrida kuzda Rossiyaning NATO davlatlariga potensial hujumini taqlid qiluvchi keng ko‘lamli mashqlar rejalashtirilgan. Bu G‘arb ittifoqdosh kuchlarini sharqiy qanotda tezkor joylashtirishni talab qiladi.

O‘z navbatida, Rossiya rahbariyati NATO Rossiya chegaralari yaqinida ketma-ket ikkinchi yil mashg‘ulotlar o‘tkazayotganidan norozi. Rossiya Xavfsizlik Kengashining sobiq rahbari Nikolay Patrushev NATO davlatlari go‘yoki Kaliningrad viloyatini egallab olish va yadro arsenallariga profilaktik zarbalar berish bilan bog‘liq ssenariylarni ishlab chiqayotganini iddao qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring