Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya pasportiga ega markaziy osiyoliklar harbiy xizmatdan bo‘yin tovlagani uchun jinoiy javobgarlikka tortilmoqda

Rossiya pasportiga ega markaziy osiyoliklar harbiy xizmatdan bo‘yin tovlagani uchun jinoiy javobgarlikka tortilmoqda

Rossiya tergov qo‘mitasining Moskva shahar bo‘limi Markaziy Osiyo davlatlarida tug‘ilgan, avvalroq RF fuqaroligini olgan shaxslarga nisbatan harbiy xizmatdan bo‘yin tovlash bo‘yicha 22 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atgan, 80 dan ortiq kishi esa mamlakat qurolli kuchlari safiga harbiy xizmatga jo‘natilgan. Bu haqda idoraning telegram-kanalida ma’lum qilindi.

«Moskvadagi harbiy komissariatlar bilan birgalikda harbiy xizmatdan bo‘yin tovlayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida chaqiriluvchilarning shaxsiy hujjatlari o‘rganilmoqda. Mazkur ish doirasida harbiy xizmatni o‘tashdan bo‘yin tovlovchilarning Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olishi qonuniyligi tekshiriladi», deyiladi rasmiy xabarda.

Ta’kidlanishicha, Rossiya pasportini olgan shaxs «harbiy va muqobil davlat xizmatidan bo‘yin tovlagan bo‘lsa», fuqarolikdan mahrum etilishi mumkin.

Jinoyat ishlari doirasida qancha erkak qo‘lga olingani, qanchasi qidiruvga berilgani ochiqlanmagan. Shuningdek, rasmiy xabarda harbiy xizmatdan bo‘yin tovlashda ayblanayotgan shaxslar tug‘ilgan davlatlar haqidagi ma’lumotlar ham keltirilmaydi.

Britaniya razvedkasi sentyabr oyida Rossiya kamida 2023 yilning may oyidan beri Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan migrantlarni faol ravishda urushga yollayotgani haqida xabar bergandi. Hukumat shu yo‘l bilan 2024 yilgi prezidentlik saylovlari oldidan ommaviy safarbarlikdan qochishga harakat qilayotgani aytiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring