Rossiya Moldovada davlat to‘ntarishi qilmoqchi — Sandu
Moldovada davlat to‘ntarishi qilish maqsadida, Rossiya qo‘poruvchilik harakatlariga hozirlik ko‘ryapti — Moldova prezidenti Mayya Sandu shunday bayonot berdi.
Moskva Moldovadagi holatni izdan chiqarishni rejalashtirgani haqida yaqinda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bergan bayonot asosli ekanini Moldova axborot va xavfsizlik xizmati tasdiqladi, dedi Sandu.
«Mamlakatimiz hududida qo‘poruvchilik harakatini uyushtirishga urinish — biz uchun yangilik emas», — ta’kidladi Moldova prezidenti.
Bunday urinishlar oldin ham, o‘tgan yil kuzida sodir etilgan. Biroq tegishli organlarning qat’iyatli harakatlari natijasida amalga oshmay qolgan.
«O‘shanda asosiy urg‘u energetika inqirozini keltirib chiqarish orqali aholining noroziligini qo‘zg‘ash va isyonlardan foydalanib agressiv harakatlarni amalga oshirishga qaratilgandi», — dedi Sandu. U respublika xavfsizlik organlari barcha kerakli choralarni ko‘rayotgani haqida axborot berib, mamlakat fuqarolarini xotirjamlikka chorladi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov «Rossiya 24» va «RIA Novosti»ga bergan intervyusida «Moldova» navbatdagi «Ukraina» bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter