Rossiya 10 yildan keyin – ekspertlar noxush kelajakni bashorat qildi
Xalqaro siyosat va iqtisodiyot bo‘yicha nufuzli 167 nafar ekspertdan deyarli yarmi (46 foizi) 2033 yilga borib Rossiya parokandalikka yuz tutishi, mustaqil ma’muriy birliklarga bo‘linib ketishini bashorat qildi. AQShdagi Atlantika kengashi (Atlantic Council) tahlil markazi o‘tkazgan va Financial Times gazetasi e’lon qilgan tadqiqot natijalari ana shundan dalolat beradi.
So‘rovda qatnashgan mutaxassislarning 40 foizi Rossiyada siyosiy inqiroz inqilob, fuqarolar urushi yoki ma’muriy tarqoqlik ortidan yuz beradi deb hisoblaydi.
Okeanorti ekspertlari yevropalik hamkasblariga qaraganda biroz nekbinroq chiqdi: AQShlik olimlarning 36 foizi, “ko‘hna qit’a”liklarning esa 49 foizi Rossiyaning istiqboliga ishonch bildirmagan.
Respondentlarning 14 foizi Rossiya yaqin 10 yilda yadro qurolini ishga solishini qayd etgan.
Federatsiyaning parokandalikka yuz tutishini bayon qilgan olimlarning 10 foizi mustaqillik bayrog‘ini ko‘targan ma’muriy birliklar yaqin o‘n yillarda demokratik taraqqiyot yo‘lini tanlashini aytgan.
Atlantika kengashi kelgusi o‘n yillik butun kurrai arzda beqaror kechishidan ogohlantirgan. So‘rovda qatnashgan ekspertlarning asosiy qismi Eron yadro quroliga ega bo‘lishi (86 foiz), Xitoy Tayvanni anneksiya qilish uchun urush ochishini (70 foiz) taxmin qilgan. Aksar ekspertlar AQSh harbiy jabhada dunyoda birinchi davlat bo‘lib qolishini tasdiqlagani holda, atigi 31-33 foiz respondent Vashington jahon iqtisodiyoti va diplomatiyada yetakchilikni saqlashiga ishonch bildirgan.
Atlantika kengashi direktori o‘rinbosari Peter Engelke Rossiyaga doir tahlillarga munosabat bildirar ekan, rus armiyasining Ukrainaga bostirib kirishi ortidan joriy etilgan sanksiya va cheklovlar Putin rahbarlik qilayotgan tuzumga kuchli zarba berishini ta’kidlagan.
Ukraina bosqini boshlanganidan buyon Rossiya Federatsiyasi parchalashib ketishi borasidagi taxminlar kuchaydi. Avvalroq Hadson instituti (Hudson Institute) tahlilchilari ham Rossiyaning juda qisqa vaqtda parokandalikka yuz tutishini da’vo qilib, dunyo siyosatdonlarini Yevroosiyo makonidagi yangi geosiyosiy reallikka tayyor turishga undagan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter