Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Rosselxoznadzor»ning o‘zbek mahsulotlariga qo‘ygan kasallik tashxisi tasdiqlanmagan

«Rosselxoznadzor»ning o‘zbek mahsulotlariga qo‘ygan kasallik tashxisi tasdiqlanmagan

Bugun AOKAda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Durdona Ochilova ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Brifingda ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo hamda Navoiy viloyatlaridan pomidor hamda qalampir, Farg‘ona viloyatidan barcha mahsulotlarning importiga Rossiya federatsiyasi tomonidan taqiq qo‘yilgan edi.

Taqiq e’lon qilingan kuni mazkur kasallikni aniqlash uchun O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi markaziy apparati, o‘simliklar karantini ilmiy markazi hamda markaziy karantin laboratoriyasidan iborat maxsus ishchi guruhi hududlarga safarbar etildi. Inspeksiya rahbariyati «Rosselxoznadzor» vakillari bilan muzokaralar o‘tkazib, ularning tajribaviy tavsiyalarini inobatga olgan holda, pomidor va bulg‘or qalampiri mahsuloti hamda uning eksportiga jiddiy zarar yetkazuvchi ushbu kasallikning alomatlari, tarqalish yo‘llari va qarshi kurash mexanizmi aniq belgilab olindi.

Respublikaning virusdan xoli ekanligini tasdiqlash maqsadida nafaqat Qashqadaryo, Navoiy, Farg‘ona, balki har bir hudud kesimida mahsulot yetishtiriluvchi issiqxonalarning joylashgan o‘rni, maydoni, turi va fitosanitar tozaligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi, ya’ni pasporti shakllantirilib, Rossiya tomoniga taqdim etildi.

Xususan, Farg‘ona viloyatida bugungi kunda mavjud issiqxonalarning 99,11 gektar maydonini pomidor ekinlari tashkil etib, ularning barchasi sanoat issiqxonalari hisoblanadi. Shundan 36,46 gektarni tashkil etgan 18 ta issiqxonalarda pomidor yetishtirilishi davom etmoqda. Respublika bo‘ylab o‘tkazilgan maxsus fitosanitar dala nazorati chog‘ida barcha issiqxona rahbar va xodimlariga kasallik va zararkunandalar hamda pomidorning jigarrang bujmayish virus kasalligi haqida tushuntirish ishlari olib borildi.

Xalqaro mutaxassislar hamkorligida olib borilgan o‘rganishlar natijasida aytishim mumkinki, hozirga qadar O‘zbekistonda «Pomidor jigarrang bujmayish virusi kasalligi»ning tashqi simptomatik alomatlari qayd etilmadi.

Inspeksiya xodimlari tomonidan olib borilgan qat’iy fitosanitar tekshiruvlar, shuningdek, «O‘zdavkarantin» hamda «Rosselxoznadzor» o‘rtasidagi muzokaralar natijasi o‘laroq:

- 2020-yilning 18-dekabridan boshlab Farg‘ona viloyatida joylashgan 7ta korxonadan pomidor va qalampir mahsulotlarini;

- 2021-yilning 1-yanvar sanasidan boshlab, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlaridan 34 ta korxona pomidor mahsulotini;

- 2021-yilning 1-yanvaridan boshlab Farg‘ona viloyatidan quritilgan mahsulotlarning Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinishiga ruxsat olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring